Samarqand 14 ta davlat va hukumat rahbarlarini o‘zida jamladi 

Jamiyat

2016 yil 23-24 iyun kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga mezbonlik qilgan O‘zbekiston oradan olti yil o‘tib SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarini yana bir joyga jamlamoqda. 15-16 sentyabr kunlari Samarqandda o‘tadigan sammit ishtirokchilarini kutib olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 sentyabr kuni Samarqandga yetib bordi. Davlat rahbari Samarqandda ishni Imom Buxoriy maqbarasi va Birinchi Prezident Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshladi.


 
14 sentyabr kuni birinchilardan bo‘lib, Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnagiyn Xurelsux Samarqandga yetib keldi.

Uni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi. Shavkat Mirziyoyevning ilk uchrashuvi Mo‘g‘uliston Prezidenti bilan bo‘ldi. Ular ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihatlarini muhokama qilishdi.


 
SHHTning Samarqand sammitida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar va tinchlikni barpo etish bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari DiKarloni Shavkat Mirziyoyev qabul qilgan ikkinchi mehmon bo‘ldi.


 
Mirziyoyev Bosh kotib o‘rinbosari Rozmari DiKarloni bilan O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, dolzarb xalqaro masalalar, mamlakatda 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi ishlar yuzasidan fikr almashdi.

Shu kunning o‘zida Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy Samarqandga yetib keldi. Bu – Eron yetakchisining O‘zbekistonga so‘nggi 20 yildagi ilk tashrifidir. Aeroportda uni Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.


Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan kelgan Ibrohim Raisiyni rasmiy kutib oldi.



Kutib olish marosimidan so‘ng davlat rahbarlarining muzokaralari boshlandi. Diqqat markazida – o‘zaro savdo hajmini oshirish, kooperatsiyani kuchaytirish, sanoat, innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport va logistika, boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘ldi.

Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy Qo‘shma bayonot imzoladilar. Oliy darajadagi O‘zbekiston-Eron muzokaralari yakunida hamkorlikning turli sohalarini qamrab olgan 18 ta hujjat imzolandi. Ularning orasida “Chobahor” porti orqali xalqaro yuk tashishlar va tranzitni amalga oshirish to‘g‘risida memorandum ham bor.

Kunning so‘ngi mehmoni – Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinni Samarqand xalqaro aeroportida shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev qarshiladi. Qozog‘istondagi safarini yakunlab O‘zbekistonga kelgan Si Szinpin samolyot bortidan yuzida niqob bilan chiqib keldi va Prezident Mirziyoyev bilan uchrashuv vaqtida ham niqobini yechmadi. Ahamiyatlisi shundaki, faxriy qorovuldan tortib xonanda-yu sozandalar ham yuziga niqob taqgandi. Davlat tashrifi bilan kelgan Xitoy raisi boshqa davlatlarga qaraganda katta tantana bilan qarshi olindi.

Bugun, 15 sentyabr kuni ertalab ketma-ket Tojikiston va Turkmaniston Respublikasi Prezidentlari Imomali Rahmon va Serdar Berdimuhamedov Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun Samarqand shahriga keldi. Xalqaro Aeroportda oliy martabali mehmonlarni Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.

Kecha 14 sentyabr kuni tunda davlat tashrifi bilan kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinni rasman kutib olish marosimi bugun, 15 sentyabr kuni bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng, Mirziyoyev va Xitoy Raisining muzokaralari boshlandi. Uchrashuv avvalida davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va strategik sheriklikning 10 yilligi munosabati bilan bir-birini qutladilar.

Davlat rahbarlari strategik ahamiyatga ega “Xitoy – Qirg‘iziston –O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishini boshlash to‘g‘risida tarixiy kelishuvga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etishdi.

Gumanitar hamkorlik, shu jumladan, sog‘liqni saqlash, vaksinalar ishlab chiqarish, fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma dasturlarni kengaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Muzokaralar yakunida umumiy qiymati 15 milliard dollarlik savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikka doir kelishuvlar imzolandi. Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi uchun Oliy darajali “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko va Turkiya Rajab Toyib Erdo‘g‘an rafiqasi Emine Erdo‘g‘an bilan O‘zbekistonga yetib keldi. Ularni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov qarshiladi.

Bu orada Ozarbayjon Ilhom Aliyev O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilgach, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Davlat rahbarlari Samarqandda o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining kun tartibini kelishib oldi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Belarus Respublikasi fuqarosi Aleksandr Lukashenko, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan ham uchrashdi. Kun yakunida esa Prezident Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qildi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Samarqandga kelib, Mirziyoyev bilan uchrashgunicha ham bir nechta davlatlar rahbarlari bilan muloqot o‘tkazdi. Xususan, Putin Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan ham uchrashdi. Putin va Si Szinpin muloqotida Ukrainadagi mojaro, G‘arbi sanksiyalari kabi masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Kun oxirlab qolganida esa Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi O‘zbekistonga keldi. Ularni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.

Samarqand 14 ta davlat va hukumat rahbarlarini Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun o‘zida jamladi. Sammitining asosiy tadbirlari hali oldinda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

180

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing