Saloh intervyudan keyin jamoadoshlaridan uzr so‘radi – Kërtis Jons
Sport
−
20 dekabr 1017 2 daqiqa
“Liverpul” yarim himoyachisi Kërtis Jons misrlik hujumchi Muhammad Saloh yaqinda bergan intervyusidan so‘ng jamoadoshlaridan uzr so‘raganini ma’lum qildi. Bu haqda “Sky Sports” nashri xabar berdi.
Jons “Sky Sports” nashriga bergan intervyusida Saloh jamoa oldiga chiqib, o‘z fikrlarini tushuntirganini, ushbu holat kiyinish xonasidagi muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmaganini va futbolchilar o‘rtasida birdamlik saqlanib qolganini ta’kidladi.
“Saloh o‘ziga xos inson va u fikrini ochiq ayta oladi. U bizdan uzr so‘rab, “Agar gaplarim kimlargadir ta’sir qilgan yoki qandaydir noqulay his uyg‘otgan bo‘lsa, uzr so‘rayman”, dedi. U aynan shunday inson”, deydi Jons.
Joriy yilning 6 dekabr kuni “Liverpul”ning “Lids Yunayted”ga qarshi o‘yinidagi durangdan so‘ng 33 yoshli Saloh klub va bosh murabbiy Arne Slotni tanqid qilgan edi. Shundan so‘ng misrlik hujumchi “Liverpul”ning Chempionlar ligasidagi uchrashuvida tarkibdan tushib qolgan edi.
Saloh keyinchalik joriy yilning 13 dekabr kuni “Liverpul”ning “Brayton” ustidan 2:0 hisobidagi g‘alabasida zaxiradan maydonga tushib, golli uzatmani amalga oshirdi. Shundan so‘ng u Afrika Millatlar Kubogida ishtirok etish uchun terma jamoa ixtiyoriga jo‘nab ketdi.
Amaldagi chempion “Liverpul” hozirda Premer-liga turnir jadvalida 26 ochko bilan 7-o‘rinda bormoqda va peshqadam “Arsenal”dan 10 ochko ortda qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Liverpul” va Muhammad Saloh mojarolaridan so‘ng Saudiya Arabistoni klublari yanvar oyida Salohni o‘z safiga qo‘shib olish harakatini boshlagan edi.
Live
Barchasi