Salim Abduvaliyev qamoqqa olingani tasdiqlandi
3-sahifa
−
05 dekabr 2023
38756Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliyev qo‘lga olinganini tasdiqladi.
Qayd etilishicha, poytaxt hududida jinoyatlarni oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida IIV, Toshkent shahar IIBB hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tezkor-profilaktik tadbirlar davom etmoqda.
Mazkur tadbirlar jarayonida Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida o‘tkazilayotgan tergov-tezkor harakatlari davomida jinoiy faoliyat olib borgan bir nechta shaxslar gumonlanib ushlangan.
IIBB ma’lumotiga ko‘ra, 1950 yilda tug‘ilgan Salim Qirg‘izboyevich Abduvaliyev (248-modda 1-qismi, o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlash) gumon qilinuvchi tarzida jalb etilib, protsessual tartibda ushlangan.
“Hurmatli fuqarolar agar Siz jinoiy guruh a’zolaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ularning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71-206-45-69, 71-206-49-46 yoki 102 raqamlariga yoxud 99-370-73-94 telegram raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi