Sakkizoyoqning noyob yangi turi aniqlandi
Bu qiziq
−
25 may 2954 2 daqiqa
Olimlar Galapagos orollari yaqinida suv tubida yashovchi sakkizoyoqning yangi turini kashf qildi. Yorqin ko‘k rangga ega bo‘lgan noodatiy jonzotga Microeledone galapagensis deb nom berildi. Mazkur ilmiy ish “Zootaxa” jurnalida e’lon qilindi.
Bu sakkizoyoq ilk bor 2015 yildayoq Charlz Darvin fondi va Galapagos milliy parki ma’muriyati tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan “E/V Nautilus” tadqiqot kemasidagi chuqur suv ekspeditsiyasi paytida payqab qolingan. Tadqiqotchilar Darvin oroli yaqinidagi okean tubini masofadan turib boshqariladigan suvosti apparati yordamida o‘rganayotgan bo‘lgan. Taxminan 1773 metr chuqurlikda, suvosti tog‘i yaqinida olimlar noodatiy ko‘k rangdagi kichkina sakkizoyoqni ko‘rib qolgan.
“U juda ham mitti va ko‘k rangda!” deya hayratlanib munosabat bildirgan tadqiqotchilar suv ostiga sho‘ng‘ish paytida.
Apparat yordamida ushbu jonzotning bitta nusxasini yuqoriga olib chiqishga, shuningdek, unga o‘xshash yana ikkita hayvonni videoga olishga muvaffaq bo‘lingan. Keyinroq olimlar bu topilma avvaldan ma’lum bo‘lgan hech qaysi turga o‘xshamasligini anglab yetgan. Sakkizoyoqning hajmi taxminan golf to‘pidek keladi.
Yangi turni aniqlashda tadqiqotchilar bir muammoga duch kelgan: odatda sakkizoyoqning og‘iz tuzilishi, tumshug‘i va ichki a’zolarini o‘rganish uchun uni yorib ko‘rish lozim bo‘ladi, biroq jamoa ixtiyorida faqatgina bitta tasdiqlangan nusxa bo‘lgan.
Buning o‘rniga olimlar mikrokompyuter tomografiyasidan foydalangan. Minglab rentgen suratlari jonzotning uch o‘lchamli (3D) modelini yaratish va namunaga shikast yetkazmasdan uning ichki a’zolarini o‘rganish imkonini bergan. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bu topilma Galapagos orollarining chuqur suv ekotizimlari hali qanchalik kam o‘rganilganini yana bir bor ko‘rsatib beradi.
“Har bir yangi tur yashirin ekotizimlarni yaxshiroq tushunishga yordam beradi va nima uchun ularni himoya qilish muhimligini ko‘rsatadi”, deydi Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetidan tadqiqot hammuallifi Salome Baglass.
Mualliflarning so‘zlariga ko‘ra, Tinch okeani sayyoraning eng kam o‘rganilgan hududlaridan biri bo‘lib qolmoqda va bu kabi kashfiyotlar suv qa’rida yana qanchadan qancha noma’lum turlar yashirinib yotganini ko‘rsatadi.
Live
Barchasi