Saidov Qobulda “Tolibon” vazirlari bilan uchrashdi
Olam
−
17 iyul 2025 4171 2 daqiqa
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 17 iyul kuni Qobulda “Tolibon” muvaqqat hukumatining ikki vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Saidov o‘zining Telegram sahifasida yozdi.
Uning yozishicha, dastlabki siyosiy maslahatlashuvlar “Tolibon” tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy bilan o‘tgan.

“Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik, suv resurslarini birgalikda boshqarish, iqtisodiy hamkorlik, ta’limni qo‘llab-quvvatlash va madaniy merosni tiklash borasidagi intilishlarimiz qat’iy ekanini tasdiqladik”, deya yozgan O‘zbekiston rasmiysi.
Saidovga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro maydonda Afg‘onistonning mustahkam tinchlik, barqarorlik va umumiy taraqqiyotni ta’minlaydigan mintaqaviy va global jarayonlarga yanada chuqur integratsiyalashuvini ilgari surishda davom etadi.
Vazir Saidov “Tolibon” ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Xalifa Sirojiddin Haqqoniy bilan ham uchrashgan va unda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida xavfsizlik, huquqni muhofaza qilish va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash sohalarida hamkorlik kengayib borayotgani qayd etilgan.

“Afg‘oniston ichki ishlar vazirligining mamlakatdagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni sezilarli darajada yaxshilash va giyohvand moddalar ishlab chiqarishga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarini alohida qayd etdik”, deydi O‘zbekiston TIV rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov yuqori darajadagi delegatsiya boshchiligida “Tolibon” va Pokiston rasmiylari bilan uch tomonlama uchrashuvda ishtirok etish uchun Qobulga borgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi