Saida Mirziyoyeva JST rahbari bilan uchrashdi
Jamiyat
−
18 Sentabr 11826 2 daqiqa
Kecha, 17 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Jenevada Jahon savdo tashkiloti Bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashdi. Bu haqda Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
“Muloqot davomida yurtimizda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar, JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi yangi ehtimoliy qiyinchiliklar hamda ishonch va hamkorlikning muhim ahamiyati haqida ochiq fikr almashdik”, deb yozadi Saida Mirziyoyeva.
U Ngozi xonimga liderlik va doimiy qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirganini ma’lum qilgan. Shuningdek, jahon savdosi uchun muhim davrda O‘zbekiston islohotlar doirasida o‘z majburiyatlarini qat’iyat bilan bajarishda davom etishi qayd etilgan.

Ta’kidlash joiz, bu Saida Mirziyoyevaning Ngozi Okonjo-Iveala bilan birinchi uchrashuvi emas. O‘tgan yilning iyun oyida ular Toshkentda “O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni” mavzusidagi yuqori darajadagi konferetsiya doirasida uchrashgandi. O‘sha yili sentyabr oyidagi esa Mirziyoyeva Jenevaga borgan va shu yerda JST rahbari bilan uchrashgandi.
Qayd etish joiz, joriy yil 14 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoni va uni jadallashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish hamda uni sifatli va tizimli tashkil etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha Pokiston va Tailand bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagandi. 19 dekabr kuni O‘zbekiston va AQSH O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayoni doirasida ikki tomonlama bozorlarga kirish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash protokolini imzoladi. Hujjatni Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va AQSH savdo vakili Ketrin Tay imzolagan. O‘zbekistonda joriy yil iyunda Buyuk Britaniya bilan, iyulda esa Shveysariya bilan Jahon savdo tashkilotiga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni rasman yakunladi.
Live
Barchasi