Saida Mirziyoyeva UNESCO’ning Bosh qarorgohida nutq so‘zladi
Jamiyat
−
05 Sentabr 2023
11576Kecha, 4 sentyabr kuni UNESCO’ning Parijdagi Bosh qarorgohida “Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohatlar” ko‘rgazmasi ochildi. Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham qatnashib, nutq so‘zladi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston UNESCO Bosh Konferensiyasining 43-sessiyasini 2025 yilda Samarqandda o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qilgan.
“Agar ushbu taklif ma’qullansa, bu tarixiy voqea UNESCO sessiyalarini faqat Parijda chaqirish bo‘yicha 40 yildan oshiq davom etgan an’anani o‘zgartira oladi”, deydi Mirziyoyeva.
Parijda ochilgan ko‘rgazma haqida gapirar ekan, Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan mazkur loyiha tashrif buyuruvchilarga vizual installyatsiyalar yordamida allomaning hayoti va ijodi, kashfiyot va izlanishlari haqida ma’lumot olish imkonini berishini qayd etgan. Ekspozitsiyada allomaning Fransiya milliy kutubxonasi fondidan yig‘ilgan qo‘lyozmalariga alohida joy ajratilgan.
“O‘ylaymanki, ushbu loyiha Yevropa jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otib, buyuk allomalarimiz merosi bilan faxrlanadigan o‘zbek zamini haqidagi tasavvurlarini yanada boyitadi”, degan Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyi oxirida O‘zbekiston Prezidentining “Abu Rayhon Beruniy nomidagi UNESCO – O‘zbekiston xalqaro mukofotini ta’sis etishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Hindiston poytaxti Nyu-Dehlida buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning haykali o‘rnatilishi bo‘yicha kelishuvga erishilgandi.
LiveBarchasi