Saida Mirziyoyeva Turkiyaning qiruvchi samolyotlarini borib ko‘rdi
Jamiyat
−
15:17 1274 3 daqiqa
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Turkiyaning “Baykar” kompaniyasi majmuasida bo‘lib, yuqori texnologiyalar, xususan, mudofaa sanoati sohasidagi ilg‘or loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Saida Mirziyoyevaning bildirishicha, bunday yutuqlar zamirida ko‘p yillik ilmiy izlanishlar, iqtidorli muhandislarning mehnati hamda milliy texnologiyalarni rivojlantirishga kiritilgan investitsiyalar turibdi. Turkiyaning bu boradagi tajribasi O‘zbekiston uchun ham muhim amaliy ahamiyatga ega.
“Mutaxassislarimiz o‘rtasida tajriba almashish hamda texnologik loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun imkoniyatlar borligini ko‘rmoqdaman”, deydi Prezident Administratsiyasi rahbari.
Qayd etish joiz, Saida Mirziyoyevaga ushbu tanishuv jarayonida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning qizi Sumaya Erdo‘g‘an Bayraktar hamda uning turmush o‘rtog‘i Selchuk Bayraktar hamrohlik qilgan.
Ma’lumot uchun, “Baykar” (rasmiy nomi Baykar Makina Sanaye ve Ticaret A.Ş.) — Turkiyaning aviatsiya, mudofaa sanoati va ilg‘or texnologiyalar sohasidagi yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniyaga 1984 yilda muhandis O‘zdemir Bayraktar tomonidan asos solingan bo‘lib, u dastlabki yillarda avtomobilsozlik sanoati uchun ehtiyot qismlar va dvigatel komponentlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. 2000 yillarning boshlarida esa O‘zdemir Bayraktar hamda uning o‘g‘illari Haluk va Selchuk Bayraktarlar boshchiligida kompaniya faoliyat yo‘nalishini tubdan o‘zgartirib, milliy uchuvchisiz uchish apparatlarini (dronlarni) hamda tegishli dasturiy ta’minot va C4I tizimlarini ishlab chiqarishga e’tiborini qaratgan.
Istanbulda joylashgan kompaniya qisqa fursat ichida Turkiyaning harbiy-texnik mustaqilligini ta’minlashda va uni global dron bozorida yetakchi davlatga aylantirishda asosiy lokomotiv rolini o‘ynagan. Kompaniyaning eng tanilgan mahsuloti — dunyo bo‘ylab katta obro‘ qozongan “Bayraktar TB2” taktik-zarbdor droni bo‘lib, u bir qancha hududiy nizolarda va harbiy amaliyotlarda, xususan, Ikkinchi Qorabog‘ urushi va Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi nizoda qo‘llanilgan. Shuningdek, O‘zbekiston ixtiyorida ham ushbu dronlar mavjud. Mazkur dronlarning asosiy muallifi va loyihachisi — turkiyalik muhandis va tadbirkor, mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kuyovi Selchuk Bayraktar hisoblanadi. U “Baykar” kompaniyasining texnik direktori va bosh loyihachisi.
Bundan tashqari, “Baykar” kompaniyasi og‘ir va strategik vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan “Bayraktar Akıncı”, kemalardan uchishga moslashtirilgan qanotlari yig‘iluvchi “Bayraktar TB3” va Turkiyaning ilk reaktiv dvigatelli uchuvchisiz qiruvchi samolyoti hisoblangan “Bayraktar Kızılelma” kabi ilg‘or loyihalarni muvaffaqiyatli ishlab chiqqan hamda ommaviy ishlab chiqarishga kiritgan.
Bugungi kunda “Baykar” o‘z mahsulotlarining qariyb 90 foizdan ortig‘ini dunyoning o‘nlab mamlakatlariga eksport qiluvchi yirik xalqaro kompaniyaga aylangan. U nafaqat uchuvchisiz apparatlar, balki sun’iy intellekt, avtonom boshqaruv va sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari sohasida ham doimiy ravishda yangi tadqiqotlar olib bormoqda, shuningdek, xalqaro aviatsiya sanoatida o‘z o‘rnini kengaytirib bormoqda.
Live
Barchasi