Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi muhim ob’ektlarni ko‘zdan kechirdi
Jamiyat
−
24 iyul 12867 2 daqiqa
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent shahridagi muhim ob’ektlarni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Saida Mirziyoyevaning bildirishicha, Toshkent jadal rivojlanmoqda, ammo, ayni paytda, shaharda yashil hududlar nihoyatda kam. Yangi istirohat bog‘lari barpo etish va atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirish – poytaxt kelajagi uchun eng zarur ustuvor yo‘nalishlardan.

“Aynan shu sababdan shahardagi qator muhim ob’ektlarni borib ko‘rdim. Har bir maskanning o‘z o‘rni, xususiyati bor. Maqsadimiz bitta — ularni xalqqa xizmat qiladigan qulay manzilga aylantirish.
Afrosiyob ko‘chasidagi bog‘ni ko‘zdan kechirdik. Bu yerda barcha emin-erkin dam olishi uchun zarur sharoitni yaratish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Sayilgoh ko‘chasi, Amir Temur shohko‘chasi va unga tutash hududlarni yangilash, Bobur nomidagi Ekopark hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi bog‘ maydonlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildik”, deydi Prezident Administratsiyasi rahbari.

Shuningdek, u asosiy vazifa – poytaxtga “yashil shahar” maqomini qaytarish, odamlar mazmunli hordiq chiqarishi va sayr qilishi uchun imkon qadar ko‘proq ochiq maydonlar yaratish ekanini qayd etgan va qulay va xavfsiz muhitni rivojlantirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini izchil davom ettirish hamda mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish lozimligini bildirgan.

“Shahar aholisining turmush darajasini yaxshilash yo‘lida bu masalalarni hal etishga zudlik bilan kirishmoq juda muhim”, deydi Saida Mirziyoyeva.


Live
Barchasi