Saida Mirziyoyeva Termiz IIB xodimlari qonun oldida javob berishiga umid qilyapti
Jamiyat
−
10 aprel 2021
67561Hafta oxiriga kelib, Termizda bundan 14 oy avval 16 yashar o‘quvchi qizning zo‘rlangani va bunga nisbatan ichki ishlar idoralari panja ortidan qarab, ishni bosti-bosti qilib kelgani kun tartibiga chiqdi. Oradan shuncha vaqt o‘tib, prokuratura, IIV huzuridagi Tergov departamenti tilga kirdi. 14 oy deganda xizmat tekshiruvi boshlandi.
Ushbu voqeaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya a’zosi Saida Mirziyoyeva munosabat bildirib, mazkur holat bo‘yicha jamiyatda paydo bo‘lgan g‘azabni dastaklashini ma’lum qildi.
“Termizlik voyaga yetmagan qiz fojiasi, uni zo‘rlagan kimsaning jazosiz qolayotgani haqidagi xabar jamiyatimizning kuchli g‘azabiga sabab bo‘ldi va men ularning qarashlarini butunlay quvvatlayman.
Bu mavzu ko‘tarilganidan xursandman, u shu kabi jinoyatlardan aziyat chekkan qizlarga o‘rnak bo‘ladi. Bunday jinoyatlar e’tiborsiz, jazosiz qolmasligi kerak”.
U bir yildan ortiq vaqt davomida qizning sha’nini toptagan yigitga chora ko‘rmayotgan huquq-tartibot organlari xodimlarini oqlab bo‘lmasligini urg‘uladi.
“Bir yildan ortiq vaqt davomida ota-ona adolat izlab, norasida qizining hayotini sindirgan zo‘ravonni jazolashni talab qildi.
Jinoyatchini hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaganidek, Termiz huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarini ham umuman oqlab bo‘lmaydi. IIV bu holat yuzasidan surishtiruv-tergov ishlarini o‘tkazishiga va Termiz IIB xodimlari jinoyatni yashirganligi uchun qonun oldida javob berishiga umid qilaman. Mening fikrimcha, bunday odamlar sohada yuzaga kelayotgan adolatsizliklarning asosi va qo‘zg‘atuvchisidir.
Jinoyatchining mansabi, vakolati va aloqalari hech qanday holatda sud organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning adolatli bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatmasligi lozim.
Qizchaning ota-onasiga sabr, o‘ziga esa kuch tilayman. Bardam bo‘ling, vijdonini yo‘qotmagan barcha siz tomonda!”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Ma’lumot o‘rnida, Surxondaryo viloyati Termiz shahrida B.E. ismli shaxs 2020 yilning yanvar oyida 16 yoshli voyaga yetmagan (maktab o‘quvchisi) qizning ojizligidan foydalanib nomusiga tekkan.
Qayd etilishicha, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan qariyb 14 oydan beri Termiz shahar IIO FMB tomonidan qonuniy choralar ko‘rilmay kelinmoqda.
Ma’lum qilinishicha, jabrlanuvchi qizning ota-onasi adolatni qaror toptirish, jinoyatni amalga oshirgan shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab bir yildan beri Termiz shahar IIO FMBga va boshqa ma’muriy idoralarga qilgan barcha murojaatlari e’tiborsiz qodirilgan. Ayniqsa, Termiz shahar IIO FMB tomonidan mazkur voqea bo‘yicha sifatsiz tekshirishlar o‘tkazilganligi, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qarorlar qabul qilganligi hamda jinoyatni amalga oshirgan shaxsning do‘stlari Termiz shahar IIO FMBda faoliyat yuritishi, shu sababli ish bosti-bosti qilib kelinayotgani ota-onaning so‘nggi chora sifatida Senatga murojaat qilishiga sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi