Saida Mirziyoyeva Musulmon donishmandlar kengashi bosh kotibi bilan uchrashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva bugun, 1 may kuni Musulmon donishmandlar kengashi bosh kotibi Muhammad Abdusalom bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.

Saida Mirziyoyeva Islom dini asosida yotgan umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mazkur nufuzli xalqaro tashkilotga minnatdorlik bildirgan.

“Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekiston konfessiyalararo totuvlikni, mamlakatimiz faxri bo‘lgan noyob islom merosini targ‘ib etish borasida butun dunyoda haqli ravishda e’tirof etilmoqda”, deb yozgan Mirziyoyeva.

Shuningdek, Prezident yordamchisi har yili o‘tkaziladigan Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” mukofotining hakamlar hay’ati tarkibiga kiritilgani ma’lum bo‘ldi va u “kamtarona xizmatlarim e’tirof etilgani”dan benihoya mamnun ekanini bildirdi.

“Faqatgina birgalikda sa’y-harakatlarimiz bilangina biz bu dunyoni yanada yaxshiroq qila olamiz”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Ma’lumot uchun, Musulmon donishmandlar kengashi mustaqil xalqaro tashkilot bo‘lib, u 2014 yilda Birlashgan Arab Amirliklari Abu Dabi shahrida tashkil topgan. Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari, Shayx Ahmad Toyyib Kengashga raislik qiladi, Muhammad Abdussalom esa uning bosh kotibi hisoblanadi.

Tashkilotning asosiy maqsadlari musulmon olamida tinchlikni targ‘ib qilish, nizolarni birgalikda hal etish va bag‘rikenglikni ta’minlashdan iborat. Shuningdek, ilm va olimlarni qadrlaydigan, o‘zaro muloqotni mustahkamlaydigan, bag‘rikenglik hamda boshqalarga hurmatni qo‘llab-quvvatlaydigan farovon jamiyat barpo etishdir.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva Musulmon donishmandlar kengashi Shayx Zoid Insoniy birodarlik Muhammad Abdusalom

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing