Saida Mirziyoyeva Luvr muzeyida ko‘rgazma tashkil etmoqchi
Jamiyat
−
18 iyun 2019
6053Bugun, 18 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva “Assouline Publishing” nashriyotining hammuassisi va muharriri Yaffa Assulin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qilishicha, 2021 yilga kelib Fransiya poytaxti Parij shahrida joylashgan Luvr muzeyida O‘zbekiston madaniy merosiga oid muhim ko‘rgazma tashkil etiladi.
“Agentlikda Assouline Publishing nashriyotining hammuassisi va muharriri Yaffa Assulin hamda buyumlar va landshaftni suratga olish sohasida e’tirof topgan fotograf Laziz Hamani bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini aks ettiradigan uchta kitob chop etish loyihasini muhokama qildik. Kitoblar 2021 yilda Luvr muzeyida ochiladigan “Ipak yo‘lidagi tamaddunlar va madaniyatlar” nomli ko‘rgazma doirasida taqdim etiladi.
Ushbu loyiha ancha qiziqarli bo‘lishi kutilmoqda. Xorij kitobxonlari jozibador diyorimizni nafaqat yaqindan bilib oladi, balki ularda O‘zbekistonga kelish va barchasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish istagi paydo bo‘ladi!”, deb yozadi Saida Shavkatovna.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Matbuot va axborot agentligi negizida qayta tashkil etilganidan keyin, mamlakatda noshirlik sohasiga alohida e’tibor qaratiladigan bo‘ldi. To‘g‘ri, amaliy ishlar hali o‘zining yuksak natijalarini ko‘rsatganicha yo‘q, biroq umid avvalgiga nisbatan katta.
Oxirgi 5 yillikka e’tibor qaratsak, mamlakatda tarixiy obidalar, madaniy meroslarni xalqaro hamjamiyatga yetkazib berishda o‘zbekistonlik taniqli mediamagnat Firdavs Abduxoliqov jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan edi. Uning tashabbusi bilan chop etilgan kitoblar ko‘plab mamlakatlar muzeylarida namoyish etildi. Abduxoliqov rahbarligida yaqinda Langar Qur’oni bo‘yicha maxsus ilmiy izlanishlar olib borildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva ham O‘zbekiston madaniy merosiga oid bir necha kitoblar chop etilishiga bosh-qosh bo‘lgandi. Xususan, o‘tgan yili o‘zbek ipagi haqida kitob, joriy yilda esa tarixiy obidalar aks etgan bo‘yoq-albom Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tomonidan chop etildi.
LiveBarchasi