Saida Mirziyoyeva “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasida ko‘z nuri tiklanayotgan jizzaxlik bolalar bilan uchrashdi

Jamiyat 3123

Mass-media fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasining muallifi hisoblanadi. U 22 fevral kuni jarrohlik amaliyotidan so‘ng ko‘rish qobiliyati yaxshilangan bir guruh bolalar bilan uchrashdi.

“Kecha biz Respublika ko‘z mikroxirurgiyasi markazida 11 nafar bemor – Jizzaxdagi zaif ko‘ruvchi bolalarga ixtisoslashgan maktab-internati o‘quvchilari bilan uchrashdik.

“Ko‘ngil ko‘zi” loyihasi shifokorlar ko‘magida ko‘z nurini qaytarishga yordam berishda davom etmoqda va kun sayin quvonchli xabarlar soni ortmoqda, men ularning har birini sizga so‘zlab berishni istardim.

Masalan, operatsiya yordamida Isomiddinning ko‘rish qobiliyati 1 foizdan 30 foizga oshdi, Otabekdagi tug‘ma nuqson davolandi, Zaynurada esa estetik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi, zamonaviy protez qo‘yildi va uning yuzi umuman boshqacha qiyofa kasb etdi. Ular baxtiyor, men ham ularni ko‘rib baxtliman.

Bu haqda ko‘p gapirish mumkin, yaxshisi videoni ko‘ring. Bu bolalarning har birini xayolan bag‘ringizga bosing, ular bunga loyiqdirlar!” deb yozadi Saida Mirziyoyeva Telegram’dagi kanalida.

Xayriya aksiyasi doirasida 600 dan ortiq jarrohlik amaliyotlariga kirishishdan oldin respublikadagi ixtisoslashgan maktab-internat o‘quvchilari ommaviy tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Umidjon Nozimjonov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 26
Reyting: 3.2
t
×