Saida Mirziyoyeva Qoraqalpog‘istonga bordi
Jamiyat
−
07 Oktabr 7317 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilayotgan umummilliy “Salomatlik marafoni”ga bordi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Unga ko‘ra, marafon doirasida Nukus shahridagi 12 ta oilaviy poliklinika va 3 ta jamoat maskanida aholi diagnostikadan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, bemorlarni yo‘naltirish va raqamlashtirish tizimi joriy etilmoqda.
“Shifokorlarning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari va AI TOP-3 CDSS, MuxlisaMED AI, AI Mammo singari sun’iy intellekt yechimlari joriy etilishi natijasida yanada tezkor va aniq tibbiy yordam ko‘rsatish imkoni yaratilmoqda”, deyiladi xabarda.
Mirziyoyevaning qo‘shimcha qilishicha, marafon doirasidagi to‘rt kun ichida qariyb 12 ming fuqaro ko‘rikdan o‘tgan, shulardan 1 700 dan ortig‘i chuqur tekshiruvlardan o‘tkazilgan, 116 nafari esa davolanishga yo‘naltirilgan.

“Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti bolalar jarrohligi bo‘limida murakkab operatsiyalarni boshdan kechirgan kichik bemorlar bilan uchrashib, suhbatlashdik. Ularning matonati va samimiy tabassumlari beixtiyor har birimizni ta’sirlantirdi”, deya qo‘shimcha qiladi Prezident Administratsiyasi rahbari.
Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, hududda ikkita yangi loyiha ishga tushirilgan – raqamli oilaviy pasportni joriy etishga asoslangan “Oilaviy salomatlik maktabi” hamda yoshlar ko‘magida aholi tibbiy savodxonligini oshirishni ko‘zda tutuvchi “Salomatlik volontyorlari”.
“Sog‘liqni saqlashni zamon talablariga mos hamda har bir inson uchun qulay va foydali tizimga aylantirishni maqsad qilgan “Tibbiyot novatorlari” jamoasidagi yosh mutaxassislarga minnatdorlik bildiraman. Millat salomatligi – bu barchamiz yelkama-yelka bosib o‘tadigan umumiy yo‘limiz va mas’uliyatimizdir”, deya o‘z postini yakunlagan Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroatxon Mirziyoyeva Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi doirasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori, doktor Tedros Adanom Gebreisus bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr