Saida Mirziyoyeva Arqadag‘da “Arqadag‘”ning qizi bilan uchrashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva bugun, 29 mart kuni Turkmanistonning Arqadag‘ shahrida Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning to‘ng‘ich qizi, Gurbanguli Berdimuhamedov nomidagi Qarovga muhtoj bolalarga ko‘maklashish xayriya jamg‘armasining tibbiy faoliyat bo‘yicha vitse-prezidenti Oguljahon Otaboyeva bilan uchrashdi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.

“Bugun Oguljahon Gurbanguliyevna Otaboyeva xonimning takliflariga binoan Turkmanistonda tashkil etilgan “Tinchlik va ishonch yili: bolalar uchun xalqaro faoliyatni rivojlantirish” nomli xalqaro konferensiyada qatnashish sharafiga muyassar bo‘ldim.

Xalqlarimizni nafaqat qo‘shnichilik, balki asrlar davomida shakllangan qon-qardoshlik aloqalari, umumiy madaniyat va buyuk tarix bog‘lab turadi”, deb yozdi Mirziyoyeva. 

Prezident yordamchisi Gurbanguli Berdimuhamedov nomidagi xayriya jamg‘armasining faoliyati unda katta taassurot qoldirgani, bu bolalarga g‘amxo‘rlik, mas’uliyat va samimiy muhabbatning yorqin namunasi ekanini qo‘shimcha qildi.

“Ishonchim komilki, bugungi forum kelajak avlodlar manfaati uchun hamjihatlikda ishlash, tajriba almashish va o‘zaro samarali aloqalar uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Biz hamkorlikka doim tayyormiz va birgalikda farzandlarimiz uchun bundan ham ko‘proq ishlarni qila olishimizga ishonchimiz komil. Chunki ularning baxti — bizning umumiy kelajagimizdir”, dedi Saida Mirziyoyeva.

Saida Mirziyoyeva Oguljahon Otaboyeva bilan alohida uchrashuv ham o‘tkazdi va unga Turkmanistonga taklif va samimiy, iliq qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. 

“Ushbu tashrif muborak Ramazon oyida amalga oshgani ham ramziy ma’noga ega. Turkmaniston xalqini Ramazon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman hamda tinchlik, taraqqiyot va kelajak avlod farovonligi yo‘lida yangi yutuqlar tilayman”, deb yozdi Saida Mirziyoyeva.

Ma’lumot uchun, bugun, 29 mart kuni Arqadag‘ shahrida Gurbanguli Berdimuhamedov nomidagi Qarovga muhtoj bolalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha xayriya jamg‘armasi tashkil etilganining 4 yilligiga bag‘ishlangan “Tinchlik va ishonch yili: bolalar uchun xalqaro faoliyatni rivojlantirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Tojikiston, Belarus, Qirg‘iziston, Hindiston va boshqa mamlakatlarning davlat organlari va jamoat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari ishtirok etdi. Xususan, Rossiya Federatsiyasi Federatsiya Kengashi raisi o‘rinbosari Inna Svyatenko, O‘zbekiston Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva, Eron Islom Respublikasi Yo‘llar va shaharsozlik vaziri Farzana Malvadjerd, Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Akmaral Alnazarova, Gruziya Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar vaziri Mixail Sardjveladze, Turkiya Respublikasi oila va ijtimoiy xizmatlar vaziri Mohinur Go‘ktosh, Armaniston Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh kotibi Vardanush Grigoryan va Askin&Co Med-Lab kompaniyasi bosh direktori Ralf Lugbauer konferensiyada qatnashdi.

Tadbir doirasida Turkmanistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar xodimlarining farzandlari uchun ijodiy tanlovlar tashkil etildi.

2021 yil mart oyida tashkil etilgan Xayriya jamg‘armasi shu kabi profildagi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Jamg‘arma o‘z faoliyati davomida turli mamlakatlardagi tabiiy ofatlardan jabr ko‘rgan bolalarga yordam ko‘rsatgan, shuningdek, Turkmanistondagi muhtoj bolalarni davolash bilan shug‘ullangan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Saida Mirziyoeva Turkmaniston Oguljahon Otabaeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing