Sadoqatingizni tasdiqlang – Armaniston Prezidenti Baydenga maktub yo‘lladi

Olam

image
0:00
0:00
download

Armaniston Prezidenti Armen Sarkisyan AQSH Prezidenti Jo Baydenga maktub yo‘lladi. Sarkisyan Baydenni yangi genotsidlarning oldini olishga sodiqligini tasdiqlashga chaqirmoqda. Bu haqda Armaniston rahbarining rasmiy sayti xabar berdi.  

Maktubda ta’kidlanishicha, Armaniston AQSH Kongressining arman xalqi genotsidini tan olish to‘g‘risidagi qarorini mamnuniyat bilan qarshi oladi. 

Sarkisyanga ko‘ra, arman genotsidini tan olish insoniyatga qarshi jinoyatni tan olish demakdir. 

Prezident yangi genotsidlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun tan olish va qoralash kabi usullardan foydalanish zarurligini ta’kidlagan. 

"Tarixiy adolatni targ‘ib qilish va yangi qirg‘inlarning oldini olish borasidagi sadoqatingizni tasdiqlaysiz degan umiddamiz", deya yozgan Sarkisyan Baydenga murojaatida. 

Ma’lum bo‘lishicha, 24 aprel kuni 1915 yil voqealariga 106 yil to‘lishi arafasida Armaniston Prezidenti 20 dan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilotlar rahbarlariga maktublar yuborgan. 

Avvalroq, AQSH Prezidenti Jo Bayden XX asr boshlarida Usmonli imperiyasida armanlarning o‘ldirilishini qirg‘in sifatida rasman tan olishga tayyorligi haqida xabar bergan edik.  

Ma’lumki, AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp 1915 yil voqealarini arman genotsidi deb tan olishdan bosh tortgan, chunki u Turkiya bilan munosabatlar yomonlashishidan qo‘rqardi.

Ma’lumot o‘rnida, 2019 yil 12 dekabrda AQSH Kongressi Senati arman genotsidini rasman tan olish va xotirlash zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Usmonli imperiyasida armanlarni qirg‘in qilish faktini 23 ta davlat tan olgan. Turkiya an’anaviy ravishda tegishli ayblovlarni rad etib keladi. 

1915 yil 24 aprel kuni arman genotsidining boshlanish sanasi hamda shu kuni Istanbuldagi arman elitasi vakillari qo‘lga olingani va o‘ldirilgani ta’kidlanadi. Keyingi oylarda esa bu qirg‘in G‘arbiy Armanistonda davom etib, 1915 yilning iyun oyida yakunlangani qayd etilgan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1915-1923 yillarda 1,5 mln arman o‘ldirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

arman genotsidi

Baholaganlar

219

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing