Saakashvili qamoqxonadan shifoxonaga o‘tkaziladi
Olam
−
10 may 2022
4748Gruziya Adliya vazirligi sobiq Prezident Mixail Saakashvilini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun qamoqdan “Vivamed” xususiy klinikasiga o‘tkazishga qaror qildi. Bu haqda Adliya vaziri Rati Bregadze ma’lum qildi.
“Mas’uliyatli davlat sifatida biz har doim har qanday insonning sog‘lig‘i va hayoti manfaatlarini ko‘zlab ish tutamiz. Shunga ko‘ra, har qanday boshqa mahbusda bo‘lgani kabi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlarning oldini olish uchun Mixail Saakashvilini “Vivamed”ga olib borish taklif etiladi”, degan Bregadze.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday qaror Saakashvilining qamoqxonada davolanishdan qisman bosh tortgani, shuningdek, tanlab ovqat yeyishi sababli qabul qilingan.
O‘tgan yilning oktyabr oyidagi munitsipal saylovlardan bir kun oldin Gruziyaga yashirincha kelgan Saakashvili hibsga olinib, Rustavi shahridagi qamoqxonaga joylashtirilgan. U o‘zini siyosiy mahbus deb hisoblab, darhol ochlik e’lon qilgan. Sobiq Prezidentning sog‘lig‘i yomonlashganidan so‘ng u avvaliga Tbilisi chekkasidagi qamoqxona shifoxonasiga, so‘ngra Gori shahridagi shifoxonaga o‘tkazilgan. O‘tgan yilning dekabr oyida u yana Rustavidagi qamoqxonaga olib ketilgan.
Sobiq Prezident qamoqxonada og‘ir kasalliklarga chalinganini bir necha bor ta’kidlagan. Joriy yilning 20 aprel kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida u o‘zini yomon his qilgan va shifokordan yordam so‘ragan, shu sababli sudya majlisni to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
Saakashvilining advokatlari va tarafdorlari rasmiylardan uni davolanish uchun xorijga olib ketishni talab qilmoqda. 27 aprel kuni Gruziya Ombudsmani huzurida tuzilgan shifokorlar kengashi Saakashvilida oqsil ochligi borligi haqida hisobot e’lon qilgan.
Siyosatchi bankir Sandro Girgvliani o‘ldirilishi va deputat Valeriy Gelashvilining kaltaklanishi bo‘yicha ishlar doirasida sirtdan sudlangan. Birinchi holatda Saakashvili uch yilga, ikkinchisida olti yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bundan tashqari, u 2007 yil 7 noyabrdagi muxolifat mitingini tarqatish, “Imedi” telekompaniyasidagi talonchilik va davlat byudjeti mablag‘larini o‘g‘irlash ishlari bo‘yicha ayblanuvchi, ular hali ham sudlarda ko‘rib chiqilmoqda.
LiveBarchasi