“Sahro Eskobari” ishidan so‘ng Marokashda 29 kishi qamaldi

Olam

image

Marokash sudi xalqaro giyohvandlik savdosi va korrupsiyaga oid yirik ish bo‘yicha 29 nafar shaxsni, jumladan, taniqli siyosatchilar va sport sohasi vakillarini 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hukm qilinganlar orasida qurilish sohasidagi tadbirkor va sobiq mintaqaviy kengash raisi Abdennebi Biyui, Kasablankaning “Vidad” futbol klubining sobiq prezidenti Said Nosiri hamda parlamentning sobiq deputati Belkasem Mir ham bor. Ular hukmron PAM partiyasining yuqori lavozimli a’zolari hisoblanadi.

Sud qaroriga ko‘ra, Biyui 12 yilga, Nosiri va Mir esa 10 yildan qamoq jazosiga hukm qilingan. Qolgan sudlanuvchilar esa ishdagi roliga qarab ikki yildan to‘qqiz yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan. Qayd etilishicha, mazkur jinoyat ishi “Sahroning Pablo Eskobari” laqabi bilan tanilgan malilik mashhur giyohvand moddalar savdogari El Haj Ahmad Ben Brahimning sudda bergan ko‘rsatmalaridan keyin boshlangan.

Hozirda Marokashda 10 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan Ben Brahim tergovchilarga sobiq marokashlik siyosiy va biznes hamkorlari uning 2019 yilda hibsga olinganidan so‘ng millionlab dollarlik ko‘chmas mulklari va qimmatbaho avtomobillarini o‘zlashtirib olganini aytgan. Sud jarayonida 20 dan ortiq ayblanuvchi, 18 nafar guvoh va ikki nafar da’vogar ishtirok etgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy tarmoq Marokashda ishlab chiqarilgan tonna-tonnalab kannabis smolasini Shimoliy Afrika orqali Yevropaga, shuningdek, Lotin Amerikasidan keltirilgan kokainni tashish bilan shug‘ullangan. Sudlanuvchilar giyohvand moddalar va oltin kontrabandasi, korrupsiya, hujjatlarni soxtalashtirish hamda pul yuvish kabi jinoyatlarda aybdor deb topilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gon Xi davlat lavozimlariga tayinlov evaziga pora olganlikda aybdor deb topilib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing