“S&P” xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini ko‘tardi

Jamiyat

image
O‘zbekistonda muammoli kreditlarning ulushi ortmoqda north_east

O‘zbekistonda muammoli kreditlarning ulushi ortmoqda

“S&P” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha navbatdagi hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston reyting bahosi “BB-” darajasida saqlab qolindi va reyting kutilmasi “salbiy”dan “barqaror”ga oshirildi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar berdi.

“S&P” reyting agentligi tomonidan respublikaga suveren kredit reyting ilk bor 2018 yil 21 dekabrda berilgan. Agentlik har yili ikki marta O‘zbekistonning suveren kredit reytingini qayta baholaydi va baholash jarayonida respublikadagi so‘nggi iqtisodiy yangiliklar bilan tanishadi.

2020 yil iyun oyidan beri “S&P” reyting agentligi tomonidan 21 ta mamlakatning kredit reytingi pasaytirilgan va 13 ta mamlakatning, jumladan O‘zbekistonning reyting kutilmasi “salbiy”ga tushirilgan edi.

Mazkur qaror O‘zbekiston tashqi qarzining so‘nggi ikki yilda nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sganligi bilan izohlangan edi. Shu bilan birga, kelgusi 12 oy davomida mamlakat tashqi qarzining o‘sish sur’ati barqarorlashmagan taqdirda O‘zbekiston kredit reytingini pasaytirishi mumkinligi ma’lum qilingan edi.

“S&P” reyting agentligining kredit qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasining reyting kutilmasini quyidagi sabablarga ko‘ra “salbiy”dan “barqaror”ga oshirishga qaror qilgan.

1. “S&P”ning qayd etishicha 2020 yilda O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishga (1,6 foiz) erishgan dunyodagi kamdan-kam mamlakatlardan biri bo‘lgan.

Agentlikka ko‘ra, iqtisodiy o‘sishga asosiy sabab COVID-19 bilan bog‘liq cheklovlarga qaramay qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalarining faoliyat yuritganligi, yirik infratuzilma va investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi hamda Hukumatning iqtisodiyotni rag‘batlantirish uchun ko‘rgan tezkor choralari bo‘ldi.

2021 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 4,8 foizga o‘sishi prognoz qilingan bo‘lib, xizmatlar sektori asosiy o‘sish drayveri bo‘lishi Agentlik tomonidan taxmin qilinmoqda.

2. Hisobotga ko‘ra, tashqi qarz o‘sish sur’ati sekinlashgan hamda qisqa muddatli fiskal va tashqi xatarlar pasaygan.

Xususan, “Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunda davlat tashqi qarziga yillik limit (5 mlrd. dollar) va davlat qarzining eng yuqori miqdorining (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foiz) belgilanganligi, shuningdek davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni tanlab olishga nisbatan yanada “talabchan” qoidalar tadbiq etilganligi Agentlik tomonidan ijobiy baholangan.

Shuningdek, 2017 yildan buyon Hukumat islohotlar va iqtisodiy modernizatsiya bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarida sezilarli ravishda ildamlagani Agentlik tomonidan qayd etilgan.

Agentlik mazkur islohotlar iqtisodiyotning ishlab chiqarish samaradorligi hamda Hukumatning institutsional salohiyatini yaxshilashiga ishonch bildirmoqda. 

3. “S&P”ning kutilmalariga nisbatan O‘zbekistonning fiskal pozitsiyasi 2020-2021 yillarda yaxshilangan. Qayd etilishicha, 2020 yil mobaynida oltin narxining yuqoriligi davlat tushumlari va tashqi balansini qo‘llab-quvvatlab, umumiy fiskal defitsitning kutilganidan kamroq bo‘lishiga sabab bo‘ldi (2020 yil yakuniga umumiy fiskal defitsit 4,5 foizni tashkil etdi).

Natijada, byudjetni qo‘llab-quvatlash uchun jalb qilingan mablag‘larning bir qismi tejalib, Hukumat aktivlari miqdorining oshishiga erishilgan. Bu, o‘z navbatida, sof davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatining barqarorlashishiga o‘z hissasini qo‘shgan. 

Hisobotga ko‘ra, COVID-19 bilan bog‘liq xatarlar yuqoriligicha qolayotgan bo‘lsada, joriy yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi tezlashishi kutilmoqda.

4. Hisobotda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning tashqi balansi 2020 yilni kutilganidan ko‘ra yaxshiroq ko‘rsatkichlar bilan yakunlagan. Agentlikka ko‘ra, 2020 yil yakunida davlat va moliyaviy sektorning likvid aktivlari umumiy tashqi qarz miqdoridan ko‘proq bo‘lgan. 

5. Hukumat tomonidan so‘nggi yillardagi bir qator islohotlar, xususan sud hokimiyati mustaqilligini oshirish, so‘z erkinligiga qo‘yilgan ta’qiqlarni olib tashlash va fuqarolar oldidagi hisobdorlikning oshishi, korrupsiyaga qarshi kurashish, iqtisodiy ma’lumotlar ochiqligining yaxshilanishi, savdo va valyuta kursi liberalizatsiyasi hamda davlat korxonalari islohoti va xususiylashtirish rejalari alohida e’tirof etilgan. 

Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini yaxshilash Hukumatning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lib qolayotganligi ta’kidlangan.

Shu bilan birga, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini oshirish, pul-kredit siyosatining samaradorligini oshirish, hisobdorlik va institutlar o‘rtasidagi o‘zaro tiyib turish tizimining rivojlantirish zarurati qayd etilgan.

Agentlik hisobotida O‘zbekiston reytingiga ijobiy va salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar sanab o‘tilgan. Unga ko‘ra O‘zbekistonning global iqtisodiyotga integratsiyalashuvi va iqtisodiy islohotlar natijasida iqtisodiyot o‘sish salohiyatining va fiskal hamda tashqi zaxiralar darajasining yaxshilanishi mamlakatimiz kredit reytingini oshiruvchi omil bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonning kredit reytingini pasaytiruvchi omillar sifatida quyidagilar qayd etilgan:

•    Agentlik kutilmalariga nisbatan O‘zbekistonning fiskal va tashqi zaxiralari tez sur’atlarda yoki sezilarli darajada kamaysa;

•    to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimining yetarli emasligi natijasida qarz jalb qilish oshsa va tashqi aktivlar kamaysa; 

•    iqtisodiyotdagi dollarlashuv darajasi sezilarli darajada oshsa;

•    davlat korxonalari holatining zaiflashuvi natijasida davlat shartli majburiyatlari amalga oshsa (ya’ni Hukumat davlat korxonalarining qarzini to‘lasa).


Maqola muallifi

Teglar

suveren kredit

Baholaganlar

12

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar