O‘zbekistonda muammoli kreditlarning ulushi ortmoqda

Jamiyat

image

Joriy yilning 1 may holatiga ko‘ra, muammoli kreditlarning (NPL) O‘zbekiston banklari portfelidagi ulushi 4,4 foizga yetdi. Bir oy oldin esa bu ko‘rsatkich 3,6 foizga teng edi. Bu haqda Markaziy bank saytida xabar berilgan.

Muammoli kreditlarning ko‘rsatkichi shu zaylda o‘sishda davom etmoqda. Ayniqsa “O‘zmilliybank”, “Agrobank”, “Xalq Banki”, “Qishloq qurilish bank”, “Asakabank”da bu tendensiya yuqori. 

Muammoli kreditlarga (Non-performing loan, faoliyatsiz kreditlar) to‘lash vaqti 90 kundan ortiqqa kechikkan, qoniqarsiz, shubhali va ishonchsiz, deb tasniflangan kreditlar kiradi.

O‘zbekiston bank tizimi 2020 yilni 2,1 foiz darajasida muammoli kreditlar ulushi bilan yakunlagan bo‘lsa, unda 2020 yilning 1 fevral holatiga ko‘ra bu ko‘rsatkich 2,7 foizga, 1 mart holatiga ko‘ra 2,8 foizga yoki 7,8 trillion so‘mgacha o‘sdi (jami kredit portfelida — 280,2 trln so‘m). 1 aprel holatiga ko‘ra, muammoli kreditlar 3,6 foizga yoki 10,1 trln so‘mga o‘sdi.

Muammoli kreditlar ulushi o‘sishda davom etib, 1 may holatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 4,4 foizni yoki 12,9 trillion so‘mni (292 trillion so‘mdan) tashkil etmoqda, ya’ni bir oy ichida faoliyatsiz kredit hajmi 27 foizga oshgan.

Muammoli kreditlar ulushining o‘sishi davlat banklarining 13 tasidan 10 tasida kuzatilgan. Xususan, “O‘zbekiston Milliy bank”ining (O‘zmilliybank) NPL ko‘rsatkichi 1,9 trilliondan 2,6 trillion so‘mgacha (36 foizga), “Asaka Bank”da 1,5 trilliondan 1,7 trillion so‘mgacha, Agrobankda 486 milliard so‘mdan 1,1 trillion so‘mgacha, “Xalq banki”da 813 milliarddan 1,1 trillion so‘mgacha, “Qishloq qurilish bank” — 379 milliarddan 716 milliard so‘mgacha, “Mikrokreditbank” — 173 dan 331 milliard so‘mgacha, “Aloqabank” — 8 milliarddan 256 milliard so‘mgacha o‘sgan.

O‘z navbatida, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Poytaxt bank” va “O‘zagroeksportbank”da NPL kreditlar pasaygan.

Xususiy banklar o‘rtasida kredit portfelining sifati deyarli o‘zgarmadi (qarzdorlikning o‘sishi 0,4 foiz), ammo “Turkiston” banki, “Hi-Tech Bank” va “Madad Invest Bank”da vaziyat qiyinligicha qolmoqda.

Ekspertlarga ko‘ra, muammoli kreditlar ulushining o‘sishi koronavirus pandemiyasi paytida joriy qilingan karantin cheklovlari tufayli O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi keskin pasaygani, korxonalar va aholi qarzlarni to‘lashda qiyinchiliklarga duch kelgani bilan bog‘liq.

Avvalroq, O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev kreditlarni qaytarish bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosarlari va hokimlarga shaxsiy javobgarlikni yuklagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

162

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing