“SES”ning tadbirkorlar yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lgan mansabdorlari javobgarlikka tortildi
Jamiyat
−
06 yanvar 2023
7856O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatida tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik ijrosi hamda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlarning qonuniyligi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilganda 278 nafar mansabdor shaxs kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani aniqlandi. Bu haqda Biznes ombudsman xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbirkorlik sub’ektlarida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 139 nafar xodimga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-2-moddasi, 86 nafar xodimga nisbatan 43-moddasi, 52 nafar xodimga nisbatan 215-5-moddasi, 1 nafar xodimga nisbatan 197-3-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida xizmat va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari tomonidan umumiy 2 817 ta holatda tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Shuningdek, 1 841 ta holatda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruv o‘tkazish bilan bog‘liq qonunchilik talablari buzilgan. Shulardan eng ko‘p yo‘l qo‘yilgan qonun buzilish holatlari Samarqand viloyatida 639 ta, Jizzax viloyatida 598 ta, Namangan viloyatida 363 ta holatda uchragan.
Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqishda xizmatning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan 612 ta holatda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilgan.
Tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida 363 ta holatda qonunchilik talablari va belgilangan muddatlarga amal qilinmagan.
O‘rganish yakuni bo‘yicha sohada qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida Xizmat rahbariga taqdimnoma kiritilgan.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi