Ryutte Madrid va Londondagi xavf haqida ogohlantirdi
Olam
−
13 Sentabr 2025 4126 2 daqiqa
Rossiyaning raketalari qisqa vaqtda London yoki Madridga yetib borishi mumkin, shuning uchun xavfni faqat NATOning sharqiy qanotiga taalluqli deb hisoblash noto‘g‘ri. Bu haqda NATO Bosh kotibi Mark Ryutte “Eastern Sentry” (“Sharqiy soqchi”) operatsiyasi boshlangani e’lon qilingan matbuot anjumanida aytdi.
“Men “sharqiy qanot” tushunchasi bilan fikrlashni yoqtirmayman, chunki bu go‘yo men Madrid (Ispaniya) yoki Londonda (Buyuk Britaniya) yashasam, Tallin (Estoniya) yoki Vilnyusdagiga (Litva) qaraganda ko‘proq xavfsizman, degan tasavvur uyg‘otadi. Ammo bu noto‘g‘ri. Yangi rus raketalari ishga tushirilsa, ular tovush tezligidan besh baravar tez uchadi va Tallin yoki Vilnyusga nisbatan Madrid yoki Londonga atigi besh-o‘n daqiqa keyinroq yetib boradi”, degan Nato Bosh kotibi.
U, shuningdek, “Eastern Sentry” (“Sharqiy soqchi”) operatsiyasi boshlanganini e’lon qilib, operatsiya sharqiy pozitsiyalarni mustahkamlashni ko‘zlashi va unda Daniya, Germaniya, Fransiya hamda Buyuk Britaniya kuchlari qatnashishi haqida aytgan. Ryuttega ko‘ra, operatsiya nafaqat an’anaviy harbiy imkoniyatlarni, balki dronlarga qarshi choralarni ham o‘z ichiga oladi.
Ryutte NATO mamlakatlarini vaziyatni go‘yo butun blok “sharqiy qanotda” yashayotgandek qabul qilishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, Rossiya tomonidan yaqinda taqdim etilgan o‘rta masofali ballistik raketa – “Oreshnik” 5,5 ming km masofani bosib o‘ta oladi, tezligi esa soatiga 12,4 ming km, yoki soniyasiga 3 km. Bu raketadan o‘tgan yili, noyabrda Dneprdagi Mudofaa-sanoat korxonasiga zarba berishda foydalanilgan.
10 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga yirik zarbalar berganida kamida 19 ta dron Polsha chegarasini kesib o‘tdi. Dronlarni tutib olish uchun Polsha samolyotlaridan tashqari boshqa NATO davlatlarining qiruvchi samolyotlaridan ham foydalanilgan.
Dron parchalari Belarus va Ukraina bilan chegara yaqinidagi Viriki qishlog‘idagi turarjoy binosiga zarar yetkazdi.
Varshavaning ta’kidlashicha, Rossiya ataylab Polshaga hujum qilgan va Varshava Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga muvofiq NATO ittifoqchilari bilan maslahatlashishni talab qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polsha havo hududini buzgan dronlar Rossiyaga qarashli deb topilgani aytilgan bayonotga BMTning 193 a’zosidan 46 tasi imzo chekkani haqida xabar berilgandi. Bayonotni qo‘llaganlar orasida Polshadan tashqari Ukraina, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH, Avstriya, Belgiya, Vengriya, Gruziya, Italiya, Ispaniya, Norvegiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar ham bor.
Live
Barchasi