Ro‘ziqul Berdiyev: “Final – bitta o‘yindan iborat” 

Sport

image

Ertaga Qarshining “Nasaf” jamoasi OFK kubogi final uchrashuvi doirasida Bahraynning “Al-Muharraq” klubiga qarshi maydonga tushadi. O‘yindan avval tashkil qilingan matbuot anjumanida “ajdarlar” ustozi Ro‘ziqul Berdiyev va jamoa sardori Umar Eshmurodov qatnashdi.

“Ertaga bizni final kutyapti. Ikkala jamoa ham bu yerga osonlikcha yetib kelmagan. Shu sababli ertaga ikkala jamoa ham maydonda borini berib harakat qiladi.

“Al-Muharraq” jamoasini yaxshi o‘rgandik. Raqib – juda yaxshi shakllangan jamoa. Tarkibida mahoratli futbolchilari ko‘p. Ancha tartibli o‘ynaydi. Yigitlarga ular to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berishga harakat qildik.

Balki issiq ob-havo biroz qiyinchilik tug‘dirishi mumkin, lekin bu bahona bo‘la olmaydi. Qanday qiyinchilik bo‘lsa-da, biz final uchrashuvida juda yaxshi o‘ynagan holda asosiy maqsadimizga yetishga harakat qilamiz. 

Final – bitta o‘yindan iborat. To‘g‘ri, musobaqa to‘purari, assistlar yetakchilari, ko‘p gol urilganligi kabi raqamlar va statistikalar biz tarafimizda. Lekin oldingi o‘yinlar natijalarini unutgan holda, bor e’tiborni oldindagi hal qiluvchi bahsga qaratamiz”, deydi Ro‘ziqul Berdiyev.

Qarshilikar sardori Umar Eshmurodov ham ertangi bahsda g‘alaba qozonishga umid qilishini ta’kiladi.

“Ertaga muxlislarimizni, xalqimizni chiroyli g‘alaba bilan xursand qilish uchun maydonga tushamiz va borimizni beramiz”, degan Eshmurodov o‘yin oldi matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, “Nasaf” OFK kubogining yangi mavsumida “F” guruhida o‘ynadi. Ushbu “kvartet”da “ajdarlar”ga “Oltin Asr” (Turkmaniston), “Xo‘jand” (Tojikiston) va “Oloy” (Qirg‘iziston) jamoalari raqiblik qilishdi. 

Qarshiliklar guruh bosqichida “Oltin Asr”ni 2:0, “Xo‘jand”ni 3:0 va guruhning so‘ngi uchrashuvida “Oloy”ni 4:0 hisobida mag‘lub etdi. 

Pley-offda  “Nasaf”  “Axal”ga qarshi maydonga tushib, irodali 3:2 hisobida, chorak finalda esa Hindistonning “Mohun Bagan” klubini 6:0 hisobida mag‘lub etib, yarim final yo‘llanmasiga ega chiqishdi.

 Ushbu bosqichda “ajdarlar”ga Gonkongning “Li Man” jamoasi raqiblik qildi. 22 oktyabr kuni o‘tkazilgan yarim finalda Qarshi klubi gonkongliklarni 3:2 hisobida mag‘lub etdi va finalga yo‘l oldi.

Finalda “ajdarlar”ga raqib bo‘ladigan jamoa Bahraynning “Al-Muharraq” jamoasi bo‘ladi. Final uchrashuvi ertaga 5 noyabr kuni “Al-Muharraq” stadionida bo‘lib o‘tadi.

Jamshidbek Mahmudov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

76

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing