Ro‘zadorlar emlanishi mumkinmi?

Salomatlik

image

Joriy yilning 1 aprelidan boshlab O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash jarayonlariga start berilgan edi. Kecha, 13 apreldan esa muqaddas Ramazon oyi boshlandi. Shu tufayli ko‘pchilikda ro‘za tutgan holda emlanish mumkinmi, degan savol paydo bo‘lgan. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva ushbu savolga quyidagicha javob berdi.

“Ro‘za tutishda belgilangan talab va amallarni o‘rganib chiqsak, imkon qadar bemor odamlar o‘z salomatliklarini og‘irlashtirmasliklari uchun ayrim kasalliklarda ro‘za tutmasliklari tavsiya etiladi. Bunday holatlarda, emlash jarayoniga taklif etilgan bo‘lsangiz va shifokor ko‘ruvida  kasallikning o‘tkir holati yoki avj olgan davri kechayotgani ayon bo‘lsa, bu fuqarolar emlanmaydilar.

Salomatlik ko‘rsatkichlari me’yorida bo‘lib, o‘zini sog‘lom deb xis qilgan fuqaro ro‘zador bo‘lib, emlashga taklif etilgan bo‘lsalar, shifokor ularni holatlarini o‘rganib chiqib xulosa qiladi.

Bunda fuqaro salomatligi sog‘lom deb baholanib, emlash tavsiya etilgan bo‘lsa, unda emlashdan keyingi davrda – shifokor bilan bog‘lanib turishlari kerak. Sababi turli insonlar organizmining vaksinaga reaksiyasi turli xil  bo‘ladi. Shu bois, emlash olganlar shifokor tavsiyalarini bajarishlari talab etiladi.

Ta’kidlash kerakki, insonlar ro‘zalarini buzmay turib ham emlanish orqali organizmda koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitet hosil qilishlari mumkin”.  

Avvalroq, O‘zbekiston musulmonlar idorasi Fatvo hay’ati dunyo ulamolari xulosasiga asoslanib, koronavirusga qarshi emlash teri osti va mushakka qilinadigan ukollardan biri bo‘lgani, buning ustiga oziqlantiruvchi emasligini inobatga olgan holda vaksina olish joiz ekani, bu ro‘zani buzmasligi haqida bayonot bergan edi.

Kamola Adhamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

46

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing