Ro‘zador kishi tish pastasidan foydalansa bo‘ladimi?

Foydali

image

Ramazon oyida ko‘pchilikda tish pastasini ishlatish borasida ikkilanish yuzaga keladi. Chunki pastada ta’m berish xususiyati mavjud. Bundan tashqari, kun bo‘yi og‘izdan noxush hid kelib yurish ehtimoli ham yo‘q emas. Shu sabab ro‘zador kishi saharlikdan so‘ng tish pastasidan foydalansa bo‘ladimi? Bu haqda  O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay’ati quyidagilarni ma’lum qildi.

“Ro‘zador kishi tishlarini tozalashda tish pastalaridan foydalanishi makruh sanaladi. Agar pastadan hosil bo‘lgan ko‘piklarni yutib yuborsa, ro‘zasi ochiladi. Chunki pasta bilan tish tozalash biror narsani tatib ko‘rishga o‘xshaydi. Fiqhiy kitoblarimizda shunday deyilgan: 

“Ro‘zador biror narsani tatib ko‘rsa, ro‘zani ochuvchi surat va mohiyat topilmagani uchun ro‘za ochilmaydi. Lekin bunday qilish makruh hisoblanadi. Chunki bunda ro‘zani buzuvchi omilga yaqin keltirish bor” (“Hidoya” kitobi).

Shunga ko‘ra, ko‘pchilik zamonamiz ulamolari ro‘zador holda tish pastasidan foydalanmaslikni balki, uni saharlikdan avval yoki iftordan keyinga qoldirishni tavsiya etadilar. Zero, ibodat masalasida ehtiyotini olish a’lo sanaladi”, deyiladi fatvo hay’ati ma’lumotida. 

Ta’kidlanishicha, Ramazon oyining kunduzlari tishlarni toza saqlash uchun misvokdan foydalanish ham mumkin. Chunki misvok ishlatish bilan ro‘za ochilmaydi. Bunga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ro‘zador hollarida undan ko‘p marta foydalanganlari dalil bo‘ladi. 

Omir ibn Rabiy’a roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ro‘zador hollarida misvok qilayotganlarini sanab sanog‘iga, hisoblab adog‘iga yeta olmaydigan darajada ko‘p ko‘rganman” (Imom Ahmad rivoyat qilgan).

“Bunda, milklar qonasa yoki og‘izga suv to‘plansa, yutib yubormaslik shart qilinadi”, deyiladi fatvoda.


Maqola muallifi

Teglar

Ramazon

Baholaganlar

554

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing