Rus tilini o‘rgatish, milliy valyutada hisob-kitob... O‘zbekiston Rossiya bilan qaysi kelajak tomon yuryapti?
Olam
−
15 Sentabr 2022
37666O‘zbekiston Rossiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalar, neft ta’minoti, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish va hisob-kitoblarni milliy valyutada amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bular Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin tomonidan bugun, 15 sentyabr kuni Samarqandda imzolangan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyada o‘z aksini topgan. Hujjatga ko‘ra, Moskva va Toshkent O‘zbekistonda rus tilini o‘qitish sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni rejalashtirmoqda.
Savdo-iqtisodiy aloqalar
Deklaratsiyada aytilishicha, Moskva va Toshkent ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirishda davom etadi.
“Tomonlar Rossiya Federatsiyasining ta’sis sub’ektlari va O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilmalari, shuningdek, ularning xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari o‘rtasida ko‘rgazma-yarmarka tadbirlarida, ishbilarmonlik missiyalarida o‘zaro ishtirok etish, tezkor takliflar o‘tkazish, savdo aloqalarini o‘rnatishdan manfaatdor tomonlarning hududlarida ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar (tashkilotlar) to‘g‘risida hamda sotuvga qo‘yilgan mahsulotlar to‘g‘risida ma’lumot almashish orqali bevosita savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirishda davom etadilar”, deyiladi deklaratsiyada.
Neft ta’minoti
Moskva va Toshkent energetika sohasida, jumladan, O‘zbekistonga neft yetkazib berish masalasida hamkorlikni chuqurlashtiradi.
“Tomonlar energetika sohasidagi hamkorlikning ijobiy dinamikasini, xususan, ikki mamlakat neft-gaz kompaniyalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning yuqori darajasini qayd etib, ular o‘rtasida geologiya-razvedka sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish, o‘zlashtirilishi qiyin bo‘lgan konlarda neft qazib olish, neft va gaz sanoati sohasida tajriba almashish va kadrlar tayyorlash, shuningdek, O‘zbekistonga neft yetkazib berish masalalari bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshiradilar”, deyiladi hujjatda.
Rossiya va O‘zbekiston, shuningdek, O‘zbekistonda energiya samaradorligi, yangi elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish sohasidagi loyihalar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga tayyor. Ikki davlat ham MDH Elektr energetika kengashi doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish niyatida.
Bundan tashqari, tomonlar “atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga harakat qiladilar”. Ular atom energetikasi bo‘yicha milliy kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni davom ettiradilar.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish
Deklaratsiyadan ko‘rinib turibdiki, tomonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish hajmini bir necha barobar oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish ustida ishlashni davom ettiradilar.
“Tomonlar ikki mamlakat bozorlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va oziq-ovqat mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish imkonini beruvchi qulay shart-sharoitlarni yaratishda davom etadilar”, deyiladi hujjatda.
Milliy valyutalarda hisob-kitoblar
Rossiya va O‘zbekiston ikki tomonlama hisob-kitoblarda milliy valyutalar ulushini oshirish muhimligini qayd etadi.
“Tomonlar moliya-bank sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlab, ikki mamlakat kredit tashkilotlari o‘rtasida uzluksiz hisob-kitoblarni, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri vakillik aloqalarini o‘rnatish, shuningdek, tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning manfaatlarini hisobga olgan holda, ikki tomonlama hisob-kitoblarda milliy valyutalar ulushini oshirish muhimligini qayd etadilar”, deyilgan hujjatda.
Rus tilini o‘rgatish
Moskva va Toshkent O‘zbekistonda rus tilini o‘qitish sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni rejalashtirmoqda.
“Tomonlar O‘zbekiston Respublikasida rus tili va rus tilida umumta’lim fanlarini o‘qitish sifatini oshirish, tajriba va ilg‘or o‘qitish tajribasini almashishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda”, deyiladi hujjatda.
Ular O‘zbekistonda Rossiya oliy o‘quv yurtlari filiallari tarmog‘ini kengaytirish niyatida.
Tomonlar, shuningdek, yetakchi davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari, Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston telekommunikatsiya kompaniyalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdor.
LiveBarchasi