Rus qurollarida ko‘plab Xitoy komponentlari aniqlandi. Bu nimani anglatadi?
Olam
−
14 aprel 2023
12649Ukrainada qo‘llanilayotgan rus qurollari tarkibida Xitoyda ishlab chiqarilgan tarkibiy qismlar topilmoqda. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’muriyatining katta maslahatchisi Vladislav Vlasiukka tayanib, “Reuters” xabar berdi.
“Jang maydonidan topilgan qurollarda biz turli xil elektronikalarni aniqlashda davom etmoqdamiz. Hozirgi tendensiya shuni ko‘rsatadiki, ularning tarkibida G‘arbda ishlab chiqarilgan komponentlar kamroq, Xitoy komponentlari juda ko‘p”, degan Ukraina Prezidenti apparati rahbarining sanksiyalar siyosati bo‘yicha maslahatchisi Vladislav Vlasiuk.
2022 yil fevralida Ukrainada urush boshlangandan beri Xitoy Rossiyaga harbiy texnika jo‘natganini qayta-qayta rad etib keladi. Biroq urush maydonidan topilgan dalillar buning aksini ko‘rsatadi. Xususan, ukrainalik mutaxassislar tomonidan jang maydonidan to‘plangan razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, oldinlari Shveysariya tizimidan foydalangan Orlan havo dronlari navigatsiya tizimida Xitoyda ishlab chiqarilgan komponentlar topilgan.
Shuningdek, mutaxassislar avvallari Fransiyada ishlab chiqarilgan qismlardan foydalangan Rossiya tanklaridagi o‘t o‘chirishni boshqarish tizimida Xitoyga tegishli qismlar topilganini ma’lum qilgan.
“Biz Xitoyda ishlab chiqarilgan juda ko‘p turli xil narsalarni yig‘moqdamiz”, deydi Vlasiuk.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa Pekin Rossiya harbiy texnikasi uchun ehtiyot qismlar yetkazib berganini yana bir bor rad etgan.
“Tarix davomida Xitoy barcha davlatlar, jumladan, Rossiya bilan tenglik va o‘zaro manfaatlilik asosida normal savdo hamkorligini yo‘lga qo‘ygan.
Harbiy buyumlar eksportiga kelsak, Xitoy butun vaqt davomida ehtiyotkor va mas’uliyatli munosabatda bo‘ldi. Xitoyning pozitsiyasi va harakatlari doimo shunday bo‘lgan”, deydi Xitoy TIV matbuot kotibi.
Vlasiukning aytishicha, Ukraina ba’zi ishlab chiqaruvchilar yoki yetkazib beruvchilarni aniqlab, bu ma’lumotlarni G‘arb ittifoqchilari bilan baham ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan. U Xitoyning qurol ishlab chiqaruvchisi China North Industries Group (Norinco) va harbiy yetkazib beruvchi Xinxing Guangzhou Import & Export Co. kompaniyalarini tilga olgan, ammo ular nima yetkazib berganini oshkor qilmagan.
LiveBarchasi