Ro‘molli qizlarga taqiq qo‘ygan universitet xodimi uzr so‘radi

Jamiyat

image

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti dekani o‘rinbosari Ravshan Omonov talabalar bilan o‘tkazgan majlisda yozib olingan video tarqaldi. Unda xodim talaba qizlarga o‘ziga xos taqiq joriy qilgan edi. Ushbu voqeadan so‘ng universitet xodimi keng jamoatchilikdan uzr so‘radi.

“Bu yerda ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savol shuki, meni bu ishlarni bajarishga hech kim majbur qilmagan. Biror tashkilot yoki [universitet] rahbariyati tomonidan topshiriq bo‘lmagan. Bunga sabab mening yosh kadr sifatida kasbiy professionallik malakamning yetishmaganidan deb bilaman. Shuning uchun mana shu xatoga yo‘l qo‘ydim. Alhamdulillah, musulmonman. Videodagi jarayon va jamoatchlik fikridan saboq olganim shu bo‘ldiki, men xato qildim va buni tan olaman. 

Shu yerda keng jamoatchilik, mo‘min-musulmon birodarlarimiz va dindoshlarimizdan ojizona uzrimni qabul qilishlarini so‘ragan bo‘lardim”, deydi Ravshan Omonov.

Videodan ma’lum bo‘lishicha, Ravshan Omonov universitet hududiga ibodat libosida kirish taqiqlanishini va bunday talabalarni darsga qo‘ygan o‘qituvchiga ham chora ko‘rilishini aytib o‘tgan.

“Universitet hududiga ibodat libosida kirish taqiqlanadi. Ularni darsga qo‘ygan o‘qituvchiga ham chora ko‘riladi. Tashqarida qanday yurishingiz o‘zingizning ixtiyoringizda, lekin universitet hududiga kirganingizda ro‘molni orqa tarafdan o‘rashga majbursizlar. Agarda universitetning qonun-qoidasi sizlarga ma’qul kelmasa, oliygoh bilan shartnomani bekor qilib, shunga yo‘l beradigan boshqa OTMga o‘tishingiz mumkin”, degan dekan o‘rinbosari.

Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng Ravshan Omonov o‘zining Facebook’dagi sahifasida ushbu holatni izohlagan va ko‘p vaqt o‘tmay postni o‘chirib tashlgandi.

“Avvalo rizq Allohdan. Bu universitet ichki tartib-qoidalari va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184-1-moddasi talabi bo‘yicha kechki ta’lim yo‘nalishida o‘qiydigan 1-kurs talabalari bilan o‘tkazilgan profilaktik suhbat va tavsiyaviy xarakterdagi ko‘rsatma bo‘lgan, xolos. Lekin, hech bir talabaga majburiy ravishda bu talablarga bo‘ysunish sharti qo‘yilmaganini ma’lum qilaman. Qolaversa, hech kim qizlarning ro‘mol o‘rashiga qarshi emas. Men topshiriq ijrochisiman. Ya’ni ichki tartib-intizom va kodeksni men ishlab chiqmaganman”, deb yozgan Omonov.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184-1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

311

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing