Alhamdulillah, musulmon bolasiman – O‘quvchilardan ro‘molda kelmaslikni so‘ragan direktor murojaat bilan chiqdi
Jamiyat
−
18 may 2021
24956Avvalroq maktablarning birida direktorligi iddao qilingan ayol maktab o‘quvchilaridan maktabga ro‘molda kelmaslikni talab qilib, saylov kutilayotgani uchun maxsus tashkilotlar tomonidan tekshiruvlar bo‘lmayotganini ta’kidlagan ayolning audiolari tarqalgani haqida xabar berilgandi. Ushbu ayolning Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi 45-maktab direktori Zubayda Toshpo‘latova ekani tasdiqlandi. U qilgan ishiga tushuntirish berib, jamoatchilikdan uzr so‘radi.
“Haqiqatan ham kecha, 17 may kuni o‘quvchi qizlar maktab formasisiz darsga kelganda, o‘z xizmat xonamga olib kirib, ochiq rangli ro‘molni orqa tarafdan o‘rash haqida xizmat vakolatim doirasida tushuntirish ishlarini olib bordim. Ro‘mol o‘ramaslik haqida mahalliy hokimlik va huquq-targ‘ibot organlari va Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan hech qanday topshiriq bo‘lmadi. Faqat o‘quvchi qizlarimga o‘quvchi qizdek munosabat bo‘lishini xohlaganim uchun ularga tushuntirish ishlarini olib borgan edim”, deydi direktor.
Shuningdek, Toshpo‘latova saylov bo‘lishi kutilayotgani sababli ro‘molga tekshiruv bo‘lmayotgani haqida aytgan gaplariga ham izoh berdi.
“Ro‘mol bilan saylov jarayonlarining hech qanday aloqasi yo‘q. Faqatgina saylov jarayonlari vaqtida, xalqaro kuzatuvchilarning tashrifi doirasida dunyoviy maktabga bo‘lgan ularning fikri o‘zgarmasligini xohlaganim uchun ularga tushuntirish ishlarini olib borgan edim”, deydi direktor.
Zubayda Toshpo‘latova murojaat oxirida qilgan ishi uchun jamoatchilik va ota-onalardan uzr so‘radi.
“Noto‘g‘ri tushunchaga ega bo‘lganimni tushunib yetdim. Alhamdilulloh, men ham musulmon farzandiman. Qilgan noto‘g‘ri munosabatim uchun jamoatchilik va ota-onalardan uzr so‘rayman”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, audioda maktab direktori ekani aytilgan ayol ro‘molga taqiq bo‘lmayotganiga oldinda saylov kutilayotganini sabab qilib keltirgandi:
“Sizlarga aytib qo‘yay, hozir ro‘molga indamayotganining sababi — saylov o‘tishini kutyapti. Saylov o‘tib olsin, ko‘rasanlar. Senlarga ortiqcha gap kerakmi? Qanaqadir boshqa tashkilotlar kelib, ota-onangni surishtirishi kerakmi? Ota-onangga ortiqcha tashvish qilmoqchimisanlar?”
LiveBarchasi