Rubio Erondagi “Epik g‘azab” operatsiyasi yakunlanganini e’lon qildi (video)

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio AQSH tomonidan Eron hududida o‘tkazilgan “Epik g‘azab” nomli harbiy operatsiya yakunlanganini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 5 may kuni Oq uyda o‘tgan matbuot njumanida so‘z ochdi.

Uning aytishicha, operatsiya 28 fevral kuni boshlangan va qo‘yilgan maqsadlarga erishilgach tugatilgan.

“Prezident Kongressni xabardor qilganidan so‘ng biz ushbu bosqichni yakunladik. Endi esa “Ozodlik loyihasi” operatsiyasini boshladik”, degan Rubio.

Yangi operatsiya AQSH Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi Hormuz bo‘g‘ozida qolib ketgan kemalarga xavfsiz o‘tishga yordam berishdan iborat.

AQSH Mudofaa vazirligi moliya direktori Jyuls Xerst aprel oxirida Eron bilan bog‘liq harbiy harajatlarga 25 milliard dollar sarflanganini aytgan. Biroq CBS News manbalariga ko‘ra, real xarajatlar bundan ikki barobar ko‘p – taxminan 50 milliard dollarni tashkil etadi.

Manbalar rasmiy hisob-kitoblarga yo‘q qilingan texnika va AQSH harbiy bazalariga yetkazilgan zarar kiritilmaganini ta’kidlagan. Jumladan, AQSH kamida 24 ta MQ-9 Reaper uchuvchisiz uchish apparatini yo‘qotgan, ularning har biri kamida 30 million dollar turadi.

Pentagon rahbari Pit Hegsetning tushuntirishicha, “Ozodlik loyihasi” avvalgi operatsiyadan farq qiladi. U mudofaa xarakteriga ega bo‘lib, tor doirada va vaqtinchalik amalga oshiriladi. Asosiy maqsad – Eron tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan tahdidlardan tinch savdo kemalarini himoya qilish.

Trampning aytishicha, bu operatsiyani boshlashni ko‘plab davlatlar so‘ragan. U buni gumanitar missiya deb atab, kemalarda oziq-ovqat va boshqa zarur zaxiralari tugab borayotgan ekipajlarga yordam berish zarurligini ta’kidlagan.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, operatsiyada boshqariladigan raketali esminetslar, 100 dan ortiq samolyotlar, zamonaviy dronlar va qariyb 15 ming nafar harbiy xizmatchi ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, AQSH Hormuz bo‘g‘ozidagi dengiz blokadasini davom ettirmoqda.

Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi dengiz kuchlari esa barcha kemalardan faqat Eron belgilagan yo‘lak orqali harakatlanishni talab qilgan. Aks holda, boshqa yo‘nalishdan o‘tishga urinish “keskin javob” bilan qarshi olinishi haqida ogohlantirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron harbiy-dengiz kuchlari Amerika va Isroil kemalarining Hormuz bo‘g‘ozi hududiga kirishining oldini olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Marko Rubio Epik g'azab

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing