Ruhoniy oilasidan chiqib, kansler bo‘lgan Merkel yoxud ijarada yashaydigan “Germaniya onasi”

Tahlil

image

“Kim o‘z hayotini siyosatga bag‘ishlashga qaror qilgan bo‘lsa, pul ishlash birinchi darajali vazifa emasligini bilsin.”
Germaniya Federativ Respublikasi kansleri Angela Merkel 

Yaqin kunlarda, Germaniya siyosiy doirasida katta o‘zgarishlar bo‘ladi. Yevropaning eng boy davlatini 16 yil davomida boshqarib kelgan Germaniyaning birinchi ayol kansleri Angela Merkel o‘z xohishi bilan iste’foga chiqdi. Kansler xonim yangi hukumat shakllantirilgunga qadar o‘z vazifasini bajarishda davom etmoqda. Merkel nima uchun ketayotgani va uning o‘rnini kim egallashi mavhumligicha qolmoqda.

Angela Merkel boshqa davlat liderlariga qaraganda o‘zgacha turmush kechiradi. U oddiy insonlar kabi kamtarona kiyinadi. Hashamatli qasrda emas, balki ijaraga olingan oddiygina uyda yashaydi. Ha, Merkel xonim noodatiy imij sohibasi. Balki shuning uchun ham germaniyaliklar uni sevishar. Bugungi maqolamizda Angela Merkelning bolalik davri hamda siyosatdan tashqaridagi hayoti haqida so‘z yuritamiz.

Merkelning bolaligi

Angela Merkel 1954 yil 17 iyul kuni Germaniyaning Gamburg shahrida tug‘ilgan. Merkel tug‘ilganidan bir necha hafta o‘tib, uning oilasi Gamburgdan, Germaniya Demokratik Respublikasiga ko‘chib o‘tadi. GDRda Merkelning otasi cherkov ruhoniysi, onasi esa lotin va ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. Kansler xonimning oilada bir ukasi Markus va singlisi Irena bo‘lgan.

Bo‘lajak rahbar 1961 yilda Templin politexnika maktabining birinchi sinfiga o‘qishga boradi. Uning sinfdoshlari va o‘qituvchilarining xotiralariga ko‘ra, u ko‘zga ko‘rinmas, lekin moslashuvchan qiz bo‘lgan. Merkel maktab yillari Erkin nemis yoshlar ittifoqiga a’zo bo‘ladi. U 1973 yilda maktabni a’lo bahoga tamomlagan. Maktabni bitirgach, Merkel Leypsigdagi Karl Marks universitetining fizika fakultetiga o‘qishga kiradi. U o‘zining “Merkel, Macht, Politik”, nomli kitobida talabalik davrini shunday eslaydi:

“O‘qishdan bo‘sh vaqtimda barda barmenlik qilganman. Har bir sotilgan stakan uchun o‘ttiz pfen olar edim. Men haftasiga 20 markadan, 30 markagacha pul topardim, bu ijara haqini to‘lashga yetadigan mablag‘ edi”.

Ilk turmush

1974 yil o‘qish vaqtida, Merkel Moskva va Leningraddan kelgan talabalar bilan uchrashadi. Uchrashuv vaqtida Angela birinchi eri Ulrix bilan tanishgan. Keyinchalik bu tanishuv nikoh bilan yakunlandi. Ularning to‘yi 1977 yil 3 sentyabr kuni Templin cherkovida bo‘lib o‘tadi. Bo‘lajak kansler Ulrix bilan to‘rt yil davomida birga yashaydi. O‘rtada farzand bo‘lmagani uchun ikki yosh ajralishga majbur bo‘ladi. Merkelning o‘zi bu haqda shunday eslaydi: “O‘rtamizda sevgi bo‘lgan, deya olmayman. Atrofdagi hamma turmush qurayotgani uchun biz ham nikohdan o‘tganmiz”.

1978 yilda Merkel diplom ishini a’lo bahoga topshirib, Berlinga ko‘chib o‘tadi. Bu yerda u fanlar akademiyasi qoshidagi fizika-kimyo institutiga ishga kiradi. Institutda ishlagan vaqtida Angela ikkinchi eri Ioaxim Zauer bilan tanishadi. O‘n yillik munosabatlardan so‘ng, ular 1998 yilda turmush quradi.

Kanslerlik lavozimi Merkelni qanchalik o‘zgartirdi?

Angela Merkel 2005 yilda ilk bor kansler etib saylangan vaqtda turmush o‘rtog‘i bilan Berlin shahrida ijara uyida yashagan. Qizig‘i, Merkel federal kansler uchun ajratilgan maxsus uyga ko‘chib o‘tishni inkor etgan. Bu qaror ko‘plab insonlarni hayron qoldirib, unga nisbatan hurmatni uyg‘otdi. “Temir frau”dan oldingi kansler Gerxard Shryoder umumiy maydoni 200 kvadrat metr bo‘lgan xizmat uyida yashagan. Merkel va uning turmush o‘rtog‘i hozirda ham Berlin shahridagi Shpreye daryosi bo‘yidagi “Am Kupfergraben” ko‘chasi, oltinchi turar joy binosining to‘rtinchi qavatida ijarada yashaydi.

Har kuni Merkelning uyi yonida politsiya guruhi navbatchilik qiladi. Lekin, uyning oldi hech qachon to‘siqlar bilan o‘ralmagan. Bir kuni uyining tashqi ko‘rinishini ustalar tamirlashmoqchi bo‘lishganda bunga Merkel rad javobini berib, shunday deygan:

“Hamma mening qayerda yashayotganimni biladi”.

Merkelning qishloqda uyi ham bo‘lib, u Berlindan yuz kilometr uzoqlikda Brandenburg shahri yaqinidagi “Hohenwald” qishlog‘ida joylashgan. Odatda Merkel va Ioaxim Zauer bu yerga dam olish kunlari kelishadi.

Kansler xonimning shaxsiy hayotida uyg‘unlik hukm suradi. Merkel va Ioaxim Zauer har doim birga nonushta qilishini va dam olish kunlari ular birgalikda operaga borishni yaxshi ko‘radilar. U ko‘proq piyoda yurishni yoqtiradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Merkelning o‘zi do‘konda oziq-ovqat xarid qilayotgan rasmlari keng tarqalgan. Ba’zilar bu rasmlarni ko‘rib, suratdagi Germaniyaning birinchi raqamli ayoli ekanligiga shubha qilishadi. Haqiqatan ham kansler xonim shaxsan o‘zi do‘konga borishni yaxshi ko‘radi, lekin yaqin atrofda bir necha qo‘riqchi doimo uni kuzatib turadi.

Bir yili Merkel ta’tilni o‘tkazish uchun Italiyaga uchadi. Kansler o‘sha vaqtda hukumat samolyotidan foydalanmasdan, oddiy aviakompaniyadan chipta sotib olgan. Qizig‘i, Merkel norasmiy uchrashuvlarga o‘z hisobidan aviachipta sotib oladi.

Kansler xonim nimalarga qiziqadi

Angela Merkel faqatgina siyosat bobida emas, balki pazandalikda ham ustasi farang. U bir necha bor oshpazlik teledasturlariga kelib, o‘zi sevgan taomlarini tayyorlab bergan. Shuning uchun germaniyaliklar uni Mutti (nemischada – ona), deb atashadi.

“The Telegraph” gazetasining yozishicha, Merkel lecho salatini, kabob, kartoshkali sho‘rva va farel balig‘ini pishirishni yoqtirar ekan. Kansler xonim tunda to‘rt soat uxlaydi va bu uning ish faoliyatiga salbiy ta’sir qilmaydi.

Merkel futbolni yaxshi ko‘radi. U ko‘p marotaba futbol musobaqalarida qatnashgan. 2014 yil Braziliyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatining final o‘ynidan so‘ng, Merkel Germaniya terma jamoasi futbolchilarini g‘alaba bilan tabriklash uchun kiyinish xonasiga kirgan.

2012 yilning may oyida Angela Merkelning ish haqi 7 yil deganda birinchi marta oshadi. Merkel Germaniya hukumati rahbari sifatida yiliga 300 ming yevro maosh oladi. Kansler xonim ta’tilini Tirol o‘lkasidagi tog‘ yonbag‘irlarida o‘tkazishni yaxshi ko‘radi va u buning uchun o‘z cho‘ntagidan pul sarflaydi.

Angela Merkel oliftanamo kiyinishni yomon ko‘rib, kamtarona imijni yoqtiradi. Uning odatiy kiyimlari har xil rangdagi rasmiy kostyumlar. U kiyimlarni o‘z hisobidan sotib oladi. Merkel haqida yana bir qiziqarli fakt, u zargarlik buyumlarini umuman yoqtirmaydi va atirdan foydalanmaydi.

Mashhur nemis dizayneri Karl Lagerfeld Merkelning AQSHning sobiq Prezidenti Barak Obama bilan uchrashuv vaqtida kiygan keng shimini tanqid qilgan. Kansler xonim bu tanqidga parvo ham qilmay bir muncha vaqt o‘tgach, yana o‘sha shimda omma oldida chiqish qilgan. Ko‘plab siyosatchilar “Merkel o‘z sochiga mehr bermaydi”, deb o‘ylashadi. Biroq, Merkel sochlariga befarq emas. Mashhur stilist Udo Vals kansler xonimning sochlarini parvarish qiladi.

“Forbes” jurnali Angela Merkelni 2006, 2007 va 2008 yillarda “dunyodagi eng qudratli ayol”, deb topdi, 2006-2007 yillarda “Time” jurnali Germaniyaning federal kanslerini dunyoning eng nufuzli 100 kishisi ro‘yxatiga kiritdi. 2009 yilgi parlament saylovida Merkel partiyasi 49,4 foiz ovoz to‘plab g‘alaba qozondi va Angela Merkel kanslerlik lavozimida qoldi

Merkel qanday avtomobilda yuradi

Germaniyadagi ko‘plab federal vazirlar Mercedes-Benz yoki BMW rusumli zirhli limuzinlarda yurishadi. Lekin, Merkel o‘zi uchun Audi A8 avtomobilini tanlagan.

Kansler xonim qimmatbaho yaxtalarga yoki dam olish uchun hashamatli saroylarga ega emas. U oddiy insonlar kabi hayot kechirishni yoqtiradi. Ha Merkel boshqa liderlarga qaraganda o‘zgacha. Shuning uchun bo‘lsa kerak ko‘plab germaniyaliklar uni sevib “Germaniya onasi”, deb atashadi. Merkel oddiy cherkov ruhoniysi oilasida dunyoga kelib, dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan birining rahbari darajasiga erishdi. U Germaniyani Yevropadagi birinchi davlatga aylantirdi va tarixga kirdi.

QALAMPIR.UZ Angela Merkel faoliyatini yoritishda davom etadi. Keyingi maqolamizda “Germaniya onasi”ning siyosat maydoniga kirib kelishi hamda u yuritgan siyosat haqida ma’lumot beramiz.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

726

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing