Rossiya Amudaryo, Sirdaryo va Orol uchun 33 mln dollar ajratdi – Putin
Olam
−
10 Oktabr 10666 2 daqiqa
Rossiya Markaziy Osiyo davlatlariga 33 million dollardan ortiq mablag‘ ajratdi, bu mablag‘lar Amudaryo va Sirdaryo havzalarini monitoring qilish, suvni tejash texnologiyalarini joriy etish va Orol dengizida o‘rmonzorlar barpo etishga yo‘naltirildi. Bu haqda kecha, 9 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tojikistonning Dushanbe shahrida o‘tkazilgan “Rossiya – Markaziy Osiyo” ikkinchi sammitida so‘z ochdi.
Putinga ko‘ra, 2024 yilda Rossiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 45 milliard dollardan oshgan. U bu raqamni Belarus bilan bo‘lgan 50 milliard dollarlik savdo hajmi bilan solishtirib, mintaqaning ulkan iqtisodiy salohiyatiga e’tibor qaratgan.
Shuningdek, Putin 2025 yilning yanvar–iyul oylarida savdo hajmi yana 4 foizga o‘sganini, o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valyutalarga o‘tish jarayoni boshlanganini, banklar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hisob raqamlari ochilayotgani va Rossiya investitsiyalari hajmi 20 milliard dollardan oshganini ma’lum qilgan.
U, shuningdek, Rossiya Markaziy Osiyo davlatlariga 33 million dollardan ortiq mablag‘ ajratgani, bu mablag‘lar Amudaryo va Sirdaryo havzalarini monitoring qilish, suvni tejash texnologiyalarini joriy etish va Orol dengizi tubida o‘rmonzorlar barpo etishga yo‘naltirilganini ta’kidlagan.
Rossiya Prezidenti Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeII) doirasidagi imkoniyatlarni ham eslab o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, YeIIga a’zo bo‘lmagan davlatlar ham Yevroosiyo barqarorlashtirish va rivojlanish jamg‘armasi orqali 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ olgan. Yevroosiyo taraqqiyot banki esa Markaziy Osiyoda 8,7 milliard dollarlik loyihalarni moliyalashtirgan.
Putin ta’lim va gumanitar sohalardagi aloqalar ham kengayib borayotgani, Rossiyada Markaziy Osiyodan 212 mingdan ortiq talaba tahsil olayotganini, 25 ta Rossiya oliygohi mintaqada filial ochganini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ikkinchi sammitda strategik sheriklikni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaviy barqarorlikni birgalikda ta’minlashga qaratilgan ko‘plab tashabbuslarni ilgari surgandi.
Live
Barchasi