Mirziyoyev “Markaziy Osiyo va Rossiya energetik sherikligi” dasturini ishlab chiqishni taklif qildi
Jamiyat
−
09 Oktabr 2025 3006 4 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 9 oktyabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbeda o‘tgan “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ikkinchi sammitda strategik sheriklikni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaviy barqarorlikni birgalikda ta’minlashga qaratilgan ko‘plab tashabbuslarni ilgari surdi.
Shavkat Mirziyoyev:
- birgalikda qabul qilingan qaror va loyihalar ijrosini tezlashtirish uchun hukumat rahbarlari o‘rinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash ta’sis etishni taklif qildi;
- tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish jarayonlarini yengillashtirish maqsadida “Markaziy Osiyo – Rossiya agroekspressi” loyihasini ishga tushirishni taklif qildi;
- avtomobil, temiryo‘l va aviatsiya aloqalari sohasida milliy dasturlarni uyg‘unlantirish uchun mamlakatlar Transport-logistika konturini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi;
- Buxoro shahrida ilg‘or muhandislik yechimlarini ishlab chiqish va joriy etishga qaratilgan “Markaziy Osiyo – Rossiya" sanoat injiniring xabini tashkil etishni taklif etdi;
- Toshkentda o‘tkaziladigan “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmali forumiga mintaqaning asosiy sanoat va innovatsiya maydoni maqomini berish taklifi bilan chiqdi;
- atom energetikasi yo‘nalishida Mintaqaviy kompetensiyalar markazini O‘zbekistonda tashkil etish, shuningdek, Moskva davlat muhandislik-fizika institutining Toshkent filiali negizida Kadrlar tayyorlash dasturini qabul qilish tashabbusini bildirdi;
- “Markaziy Osiyo va Rossiya energetik sherikligi” kompleks dasturini ishlab chiqish, shuningdek, uglevodorodlarni qidirish va qayta ishlash, energiya tejovchi va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish tashabbusini ilgari surdi;
- Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha Mintaqaviy ekspert kengashini tashkil etish, shuningdek, mamlakatlarda “Skolkovo” innovatsiya markazi filiallarini ochishni taklif etdi;
- “Kelajak muhandislari” konsorsiumini tuzib, Markaziy Osiyo va Rossiyaning yetakchi oliygohlari va ilmiy markazlari salohiyatini birlashtirish hamda yosh tadqiqotchilar va olimlar uchun Maxsus grantlar dasturini ta’sis etish g‘oyasini ilgari surdi;
- har yili o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlari madaniyati, san’ati va ijodiyoti festivali — Etnomadaniyat forumini tashkil etish taklifini bildirdi;
- terrorizm, ekstremizm, kibertahdidlar va odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikda choralar ko‘rish muhimligini qayd etdi hamda Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi maslahatlashuvlar o‘tkazishni taklif qildi.
O‘zbekiston rahbarining ta’kidlashicha, Rossiya bilan energetika sohasidagi hamkorlik bundan buyon ham mintaqa barqarorligining omili bo‘lib qoladi. Bugungi kunda gaz quvurlari va energetika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha strategik loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Shu kunlarda tarixiy bir voqea bo‘lib o‘tadi – O‘zbekistonda barpo etiladigan atom elektr stansiyasining birinchi reaktori va ko‘ptarmoqli yadro tibbiyoti markazi qurilishi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga start beriladi”, dedi Prezident.
Ushbu yo‘nalishda keng ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish - O‘zbekistonda Atom energetikasi bo‘yicha mintaqaviy kompetensiyalar markazini ta’sis etish, shuningdek, Moskva muhandislik-fizika institutining Toshkent filiali negizida Kadrlar tayyorlash dasturini qabul qilish taklif qilindi. Uglevodorodlarni izlash va qayta ishlash, elektr energetikasini modernizatsiya qilish, energiya tejamkor yechimlarni joriy etish borasidagi hamkorlikni kengaytirish niyati bildirildi.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon raisligida o‘tgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdi.
Ertaga, 10 oktyabr kuni Dushanbeda MDH davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ishtirok etadi. Dastlab faqat davlat rahbarlari va MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirokidagi tor doiradagi yig‘ilish bo‘ladi, so‘ngra tushlik atrofida kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuv o‘tkazilib, unda Sergey Lebedev hamda Rossiya inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova so‘zga chiqadi.
Sammitda davlat rahbarlari yangi format – “MDH+”ni tashkil etish masalasini muhokama qiladi. Bu formatga uchinchi mamlakatlarning qo‘shilishi nazarda tutiladi. O‘xshash tizim BRICS va SHHT doirasida ham amal qiladi. Vladimir Putin o‘z nutqi davomida MDH rahbarlarini dekabr oxirida an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan norasmiy uchrashuvga Sankt-Peterburgga taklif qiladi. Uning aniq sanasi hozircha belgilanmagan.