Rossiyaning YeIdagi do‘sti yangi sanksiyalarga qarshi chiqdi
Olam
−
20 Sentabr 2022
17835Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi haqida gapirishni bas qilishi kerak, bu Yevropadagi energetika inqirozini yanada kuchaytiradi. Bu haqda YeIning Rossiya bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolgan Vengriya Tashqi ishlar va iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto ma’lum qildi.
"Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sakkizinchi sanksiyalar paketini eslatishni va energiya ta’minoti bilan bog‘liq inqirozni chuqurlashtiradigan choralarni ko‘rishni to‘xtatishi kerak", deydi u ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan videomurojaatida.
Siyyartoning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar hozirda Rossiyaga qaraganda Yevropaga ancha og‘riqliroq ekani hech qanday shubhasiz isbotlandi, chunki ular kuchli inflyatsiyaga, jumladan energiya narxining oshishiga olib keldi.
“Yevropalik siyosatchilarga yoqadimi yoki yo‘qmi, dunyoda sanksiyalarning boshqa mamlakatlardagi vaziyatga ta’siri Ukrainadagi urush ta’siridan ham kuchliroq bo‘lgan degan fikr bor. Demak, biz duch kelayotgan muammolarning asl sababi nafaqat urush, balki u tufayli joriy qilingan sanksiyalar hamdir”, deydi Vengriya vaziri.
Uning qo‘shimcha qilishicha, aksariyat davlatlar bu nuqtai nazarga amal qiladi, chunki ular sanksiya siyosati oqibatlaridan aziyat chekmoqda.
Shuningdek, u Zaporoje AESdagi vaziyatga to‘xtalib, Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE)ning stansiya xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlari muhimligini ta’kidlagan. Va shu munosabat bilan mintaqadagi harbiy harakatlarni erta va to‘liq to‘xtatish zarurligini aytib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, Vengriya Parlamenti spikeri Laslo Kyover Ukrainadagi mojaroda kim g‘alaba qozonishidan qat’i nazar, Yevropa Ittifoqini allaqachon mag‘lubiyatga uchragan tomon deb hisoblashini aytgan edi.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15