Rossiyaning Ukrainaga hujumlari oqibatida besh kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
29 iyun 4151 2 daqiqa
Rossiyaning kecha, 28 iyun kuni amalga oshirgan hujumlari oqibatida Ukrainaning janubi-sharqiy va shimoli-sharqiy hududlarida kamida besh kishi halok bo‘ldi, yana bir necha kishi jarohat oldi. Bu haqda mahalliy rasmiylar ma’lum qildi.
Zaporoje viloyati gubernatori Ivan Fedorovning Telegram orqali ma’lum qilishicha, viloyat markazi Zaporoje shahriga qilingan zarbalar oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, yana 16 kishi jarohatlangan. Gubernator e’lon qilgan suratlarda yong‘inga uchragan bino va vayron bo‘lgan turar joylar aks etgan.
Rossiya bilan chegaradosh Xarkov viloyatida esa Zmiiv shahriga raketa zarbasi berilgan. Viloyat gubernatori Oleg Sinegubovning bildirishicha, hujum natijasida bir kishi halok bo‘lgan, sakkiz kishi, jumladan ikki nafar bola jarohat olgan. Xarkov viloyati politsiyasi esa yana bir politsiya xodimi shimolroqdagi aholi punktlaridan birida fuqarolarni evakuatsiya qilish ishlarini tashkil etayotgan vaqtda halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, Sumi viloyatida ham chegaraga yaqin hududda hujum sodir etilgan. Viloyat rahbariyatining ma’lum qilishicha, bir nafar keksa ayol halok bo‘lgan. Hujumlarning atayin tinch aholi hududiga yo‘naltirilgani haqida esa mustaqil xabarlar tarqalmagan.
Ma’lumot uchun, Rossiya ham, Ukraina ham to‘rt yildan ortiq davom etayotgan mojaro davomida tinch aholini ataylab nishonga olmaganini ta’kidlab keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya dronlarining Ukrainaga hujumi oqibatida uch kishi halok bo‘lgan edi.
Live
Barchasi