Rossiyaning Ukraina bilan urushda yutqazishini aytgan bosh iqtisodchi ishdan bo‘shatildi
Olam
−
10:31 1025 2 daqiqa
Rossiyaning davlat rivojlanish korporatsiyasi (VEB.RF) bosh iqtisodchisi Andrey Klepach ommaviy axborot vositalarida uning Rossiya iqtisodiy “holdan toydirish urushi”da g‘alaba qozona olmasligi haqidagi fikrlari tarqalganidan keyin lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda “The Bell” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Klepachning ishdan bo‘shatilganini ikki nafar iqtisodchi tasdiqlagan. Manbalardan biri VEB.RF rahbari Igor Shuvalov iqtisodchini “yuqoridan bo‘lgan qo‘ng‘iroq”dan so‘ng ishdan bo‘shatganini aytgan. Yana bir manba esa bu qaror Klepachning 2026 yil may oyidagi chiqishi bilan bog‘liqligini bildirgan.
“The Bell” nashri VEB.RF matbuot xizmatiga so‘rov yuborgan, biroq maqola e’lon qilingan paytga qadar rasmiy izoh olinmagan.
Gap Moskva birjasining Nikitskiy klubi tomonidan may oyi oxirida tashkil etilgan tadbirdagi chiqish haqida ketmoqda. O‘shanda Klepach Ukraina iqtisodiyoti urush sharoitlariga qaramay faoliyatini davom ettirayotganini ta’kidlagan.
“Shuning uchun biz, bu “holdan to‘ydirish urushi”dagi raqobatda g‘alaba qozona olmaymiz. Bizda Ukrainada hammasi qulab tushadi degan xayol bor. Qulab tushgani yo‘q va qulamaydi ham. Bizning xarajatlarimiz esa ortib bormoqda”, degan edi u.
Shuningdek, Klepach Rossiya texnologik va iqtisodiy raqobatda dunyoning yetakchi davlatlaridan ortda qolayotganini aytgan.
“Biz texnologik, iqtisodiy raqobatda ham yutqazyapmiz. Nafaqat Xitoy va AQSHga, balki ayrim jihatlarda Ukrainaga ham”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish orderini bergan Xalqaro jinoiy sud (XJS) bosh prokurori Karim Xon jinsiy zo‘ravonlik va tegajog‘lik haqidagi ayblovlar sababli lavozimidan vaqtincha chetlatilgan edi.
Live
Barchasi