Rossiyaning sanksiyadagi gaz tankeri cho‘kib ketdi

Olam

image

3 mart kuni kechqurun Malta hududiy suvlari yaqinida Rossiyaga tegishli, sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan “Arktik Metagaz” tankerida yong‘in chiqib, u keyinchalik cho‘kib ketdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Rossiya Transport vazirligi e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, 3 mart kuni Yevropa Ittifoqiga a’zo Malta davlati hududiy suvlari yaqinida Rossiyaning gaz tashuvchi kemasiga hujum qilingan. Kema Murmansk portidan xalqaro qoidalarga muvofiq rasmiylashtirilgan yuk bilan yo‘lga chiqqan.

Rossiya tomonining iddao qilishicha, kemaga Liviya sohilidan uchirilgan ekipajsiz katerlar orqali Ukraina hujum qilgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Moskva. Kreml. Putin” dasturi boshlovchisi Pavel Zarubinga bergan intervyusida bu hodisani Ukraina tomonidan sodir etilgan “terroristik akt” deb atagan. Uning fikricha, bunday hujumlar jahon energetika bozorlarini izdan chiqaradi va birinchi navbatda Ukrainaga yordam berayotgan Yevropa davlatlariga zarba beradi.

“Yevropa Ittifoqi Kiyev rejimiga cheksiz ravishda qurol va moliyaviy yordam bermoqda, Kiyev esa Yevropa Ittifoqi uchun muammolarni birin-ketin yuzaga keltirmoqda”, degan Putin.

Ukraina Xavfsizlik xizmati esa O‘rta yer dengizidagi tanker bilan bog‘liq vaziyatga izoh bermasligini ma’lum qilgan.

Rossiya Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kemada bo‘lgan 30 nafar ekipaj a’zosi – Rossiya fuqarolari qutqarib qolingan.

Avvalroq, “Reuters” manbasiga tayanib, kema Ukraina dengiz droni tomonidan hujumga uchragan bo‘lishi mumkinligini xabar qilgan. Agar bu tasdiqlansa, bu Ukraina tomonidan Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gaz tashuvchi tankeriga qilingan birinchi hujum bo‘ladi.

Sanksiyalar ostidagi mazkur kema AQSH va Buyuk Britaniya tomonidan cheklovlar joriy etilgan tankerlardan biri hisoblanadi. MarineTraffic ma’lumotlariga ko‘ra, kema oxirgi marta 2 mart kuni Malta sohillari yaqinida joylashganini xabar qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda kemada kuchli yong‘in chiqqanini ko‘rish mumkin.

Ukrainalik bloger va faol Sergey Sternenko zarar ko‘rgan kema suratlarini e’lon qilib, u mashinalar bo‘limi atrofida jiddiy teshilish olgani va ta’mirlab bo‘lmas holatga kelganini aytgan.

Malta Qutqaruv operatsiyalari koordinatsiya markazi kemadan favqulodda signal kelib tushganini va uning joylashuvi aniqlanganini ma’lum qilgan. Malta harbiylari qutqaruv operatsiyasi o‘tkazib, tirik qolganlarni qutqaruv qayig‘ida topgan. Ular Liviyaning qidiruv va qutqaruv hududida aniqlangan.

Liviya port ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, kema Sirt portidan taxminan 130 dengiz mili (240 km) shimolda to‘satdan yuz bergan portlashlar va kuchli yong‘indan keyin to‘liq cho‘kib ketgan.

Ma’lum qilinishicha, kema taxminan 62 ming metr tonna suyultirilgan tabiiy gaz tashigan va Port-Said tomon yo‘l olgan.

Liviya Milliy neft korporatsiyasi esa kema faqat O‘rta yer dengizining markaziy qismi orqali o‘tib ketayotganini va ular faoliyatiga aloqasi yo‘qligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa davlatlari Rossiyaning “soya floti” tankerlarini musodara qilish imkoniyatini muhokama qilayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya sanktsiya tanker

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made