Rossiyaning popugini pasaytirib qo‘yish kerak – Abdusaid Ko‘chimov (video)
Jamiyat
−
08:59 13323 3 daqiqa
Bizga tahdid soladigan har qanday kuchga, akillagan har qanday laycha yoki qashqirga qarshi o‘z joyida qat’iy javob berishimiz, ularning popugini pasaytirib, aqlini kirgizib qo‘yishimiz shart. Bu kabi keskin fikrlar kecha, 5 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisida Senator Abdusaid Ko‘chimov tomonidan bildirildi.
Ko‘chimov o‘z nutqida har qanday tashqi kuchning vasiylik da’volarini qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan. Uning aytishicha, bugungi murakkab xalqaro sharoitda O‘zbekiston o‘z manfaatlarini qat’iy himoya qilishi lozim.
Senator nutqida davlat rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasiga to‘xtalib, unda mamlakat taqdiri va taraqqiyotini belgilab beruvchi oltita ustuvor yo‘nalish belgilanganini qayd etgan. Ko‘chimovga ko‘ra, bu ustuvor yo‘nalishlar yangi O‘zbekistonning poydevorini tashkil etadi.
Abdusaid Ko‘chimov murojaatnomada ko‘tarilgan masalalar nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham aks-sado berayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatning bir necha xorijiy tillarga tarjima qilinib, e’lon qilinayotgani unda ilgari surilgan g‘oyalar butun dunyo uchun dolzarb ekanini ko‘rsatadi.
U nutqida shoir Abdulla Oripovning “Karvon¨ she’ri satrlariga ishora qilib, millat va davlat manfaatlarini himoya qilishda murosasizlik tamoyilini ta’kidlagan.
“Karvonimizga tahdid soladigan har qanday kuchga, akillagan har qanday laycha yoki qashqirga qarshi o‘z joyida qat’iy javob berishimiz, ularning popugini pasaytirib, aqlini kirgizib qo‘yishimiz shart”, degan Senator.
Abdusaid Ko‘chimov o‘z so‘zida O‘zbekiston o‘zini mehnati, aqli va amaliy ishlari bilan tanitishga harakat qilayotganini qayd etgan. Unga ko‘ra, faqat birlik va qat’iyat bilangina tashqi bosimlarga munosib javob berish va ko‘zlangan ulkan maqsadlarga erishish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Rus dunyosi” mafkurasining asoschilaridan biri hamda kremlparast propagandist Aleksandr Dugin Sobiq SSSR tarkibida bo‘lgan mamlakatlar, jumladan O‘zbekistonning ham mustaqilligini qabul qilib bo‘lmasligi haqida gapirgandi.
Qolaversa, 10 yanvar kuni rossiyalik teleboshlovchi, Kremlga yaqin yana bir propagandist Vladimir Solovyov o‘zining jonli efirida Ukraina hududiga uyushtirilgan “maxsus harbiy amaliyot”ni “Rossiya ta’sir doirasidagi boshqa hududlarda” ham, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari va Armanistonda o‘tkazish zarurligini aytgandi.
Solovyovning fikricha, Rossiya hozir qaysi hududlar unga tegishli ekanini aniq va qat’iy aytishi lozim. Shuningdek, jurnalist bu harakatlar yo‘lida xuddi Ukrainaga qilingan yurish kabi “maxsus harbiy amaliyot” boshlash zarurati borligini aytgan.
Oradan bir oz vaqt o‘tib, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Solovyovning Rossiya Markaziy Osiyo va Armanistonga “maxsus harbiy operatsiya” boshlashi kerakligi haqidagi gaplariga munosabat bildirdi.
Zaxarovaning qayd etishicha, rossiyalik jurnalistning fikrlari rasmiy Moskvaning pozitsiyasini ko‘rsatmaydi va jurnalist bu gaplarni o‘zining kanalida aytgan, xolos. Zaxarova rasmiy bayonotni vakolatli shaxslar berishi va divanda yotib olib gapiradigan tahlilchilarning ishi emasligini qo‘shimcha qilgan.
Live
Barchasi