Rossiyaning Lvovga hujumi ortidan Polsha qiruvchilari havoga ko‘tarildi
Olam
−
12 iyul 2025 17330 1 daqiqa
Rossiya qo‘shinlari bugun, 12 iyulga o‘tar kechasi Lvovga yirik dron hujumini uyushtirdi. Bu haqda viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy ma’lum qildi.
Rasmiyning hisob-kitoblariga ko‘ra, shaharga 10 dan ortiq “Shahed” tipidagi dronlar zarba bergan. Lvov meri Andrey Sadoviy shahar markazidagi turarjoy binosiga zarar yetganini yozdi.
Turarjoy bo‘lmagan binoning tomi ham yonib ketgan. G‘arbiy Ukrainaning boshqa mintaqalarida ham havo hujumi sirenalari e’lon qilindi: Ternopil, Ivano-Frankivsk va Rivne viloyatlari. U yerda hech qanday zarar qayd etilmagan.
Polsha armiyasining operativ qo‘mondonligi G‘arbiy Ukrainaga zarbani Rossiyaning uzoq masofali aviatsiyasi tomonidan amalga oshirilganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan “Polsha va ittifoqchi havo kuchlari Polsha havo hududida harakat qila boshladi”.
“Bir juft qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarilib, yerdagi havo hujumidan mudofaa va radar razvedka tizimlari eng yuqori jangovar shay holatga keltirildi”, deya qo‘shimcha qildi Polsha armiyasi.
Eslatib o‘tamiz, BMTning Ukrainadagi Inson huquqlari monitoring missiyasi 2025 yil iyun oyida Ukrainada 232 nafar tinch aholi halok bo‘lgani, 1343 nafari yaralanganini, bu bilan bir oyda halok bo‘lgan va yaralangan tinch aholining umumiy soni 2022 yilning fevralida Rossiyaning keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichga chiqqanini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi