Rossiyani Olimpiadadan chetlatish choralari qidirilmoqda
Sport
−
11 mart 2023
4483Britaniya hukumati Olimpiada homiylariga xat yozib, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ)ga rossiyaliklar va belaruslik sportchilarning kelasi yilgi Parij o‘yinlarida ishtirok etishiga ruxsat berish taklifi yuzasidan bosim o‘tkazishni so‘radi. Bu haqda “Reuters“ xabar berdi.
Qayd etilishicha, Britaniya Madaniyat, OAV va sport vaziri Lyusi Freyzer Olimpiadaning 13 ta yirik homiysi, jumladan, Coca-Cola, Samsung va Visa kompaniyalari rahbarlariga hukumatning xavotirlari bayon etilgan maktub yo‘llagan.
“Bilamizki, Rossiya hamda Belarusdagi sport va siyosat bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Biz ushbu ikki mamlakat sportdan o‘zlarining targ‘ibot maqsadlarida foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qat’iy qaror qildik”, deb yozgan Freyzer.
Ta’kidlash joizki, XOQ o‘tgan yili Ukrainada urush boshlangandan keyin ruslar va belaruslarga qarshi sanksiyalar e’lon qilgan. Biroq sovuq urush davridagi boykot kunlariga qaytishdan qo‘rqib, endilikda sportchilarni Olimpiadada neytral ishtirokchi sifatida qatnashish imkoni ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan. Ko‘plab davlatlar esa XOQning bu qaroriga qarshi chiqqan. Xususan, Britaniya hukumati joriy yilning fevral oyida boshqa 34 davlat bilan qo‘shma bayonot chiqarib, XOQni rossiyalik va belaruslik sportchilarni musobaqalarda qatnashishini taqiqlashga chaqirgan.
“XOQning yakuniy qarorlar qabul qilinmagani haqidagi pozitsiyasini qayd etib, biz XOQni barcha davlatlar talabini e’tiborga olishni va shunga muvofiq o‘z taklifini qayta ko‘rib chiqishni qat’iy talab qildik. Olimpiada hamkori sifatida men sizning ushbu masala bo‘yicha fikr-mulohazalaringizni mamnuniyat bilan qabul qilaman va bayonotimizda ko‘tarilgan xavotirlarni bartaraf etish uchun qo‘mitaga bosim o‘tkazishda biz bilan birga bo‘lishingizni so‘rayman”, deb yozgan Freyzer.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq agar rossiyalik va belaruslik sportchilar Parij Olimpiadasida neytral sifatida qatnashsa, Ukraina musobaqani boykot qilishi aytilgandi. Keyinchalik Polsha sport va turizm vaziri Kamil Bortnichuk ham jahonning 40 ga yaqin davlatlari keyingi Olimpiada o‘yinlarini boykot qilishi mumkinligini aytgandi. XOQ prezidenti Tomas Bax esa sportning vazifasi davlatlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik va keskinlashuvning kuchayishiga hissa qo‘shish emas, balki odamlarni birlashtirish ekanini ta’kidlagan.
LiveBarchasi