Rossiyani deyarli 1 mln migrant tark etdi
Olam
−
27 noyabr
2076Rossiyada ish haqlari oshganiga qaramay, mehnat migrantlari o‘z vatanlariga qaytishni afzal ko‘rmoqda. Joriy yil davomida mamlakatdan taxminan bir million chet ellik chiqib ketgan. Bu haqda “Migrant-Servis” platformasi direktori, kadrlar yollash bo‘yicha ekspert Andrey Kladovga tayanib, “Ura.ru” xabar berdi.
“Xorijiy ishchilarning chiqib ketishi yaqqol sezilmoqda. Yanvardan sentyabrgacha mamlakatni taxminan bir million kishi tark etdi”, dedi Kladov.
Unga ko‘ra, ish haqlari oshganiga qaramay, migrantlar Rossiyaga qaytishga shoshilmayapti. 2024 yil boshida ishlab chiqarish sohasida ishlaydigan chet ellik ishchilar o‘rtacha 105 ming rubl maosh olgan. Yozga kelib, ularning oyliklari 150 ming rublgacha oshgan. Ayniqsa, quruvchilar va kurerlarning ish haqlari sezilarli darajada ko‘tarilgan, biroq bu ham ishchi kuchining chiqib ketishiga to‘sqinlik qila olmagan. Mamlakatni tark etganlar esa asosan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari.
“Hozirda har bir migrantga 10 ta ish o‘rni to‘g‘ri kelmoqda. Chet elliklar uchun odatiy bo‘lgan ko‘plab ish sohalariga taqiq qo‘yildi. Bu mamlakatga kelayotgan ishchilarda ish topish imkoniyatlari borasida jiddiy xavotir uyg‘otdi”, dedi Kladov.
Shuningdek, u chet ellik ishchilarning chiqib ketishini yangi hududiy cheklovlarning kiritilishi bilan bog‘lagan. Yashash sharoitlari ham migrantlarning chiqib ketishiga sabab bo‘lgan. “Migrant-Servis” ma’lumotlariga ko‘ra, agar xorijiy ishchilarga ish bilan birga yashash joyi, oziq-ovqat va Rossiyaga moslashishda yordam taqdim etilsa, ular ish takliflarini mamnuniyat bilan qabul qiladi.
Kladovning fikriga ko‘ra, agar migratsiya oqimi kamayishda davom etsa, Rossiya ishchi kuchi tanqisligiga duch keladi. Xususan, qurilish sohasidagi mehnat sharoitlari ko‘plab rossiyaliklar talabiga javob bermaydi va maosh ham asosiy ehtiyojlarni qoplash uchun yetarli emas. Shu sababli ular bu ishlarda ishlashni xohlamayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Nelegal-2024” operatsiyasi doirasida Rossiyadan 20 ming chet ellik haydab chiqarilgani xabar qilingan edi. Operatsiya davomida politsiya va davlat xavfsizlik idoralari noqonuniy migratsiyani tashkil etish bilan bog‘liq to‘rt mingdan ortiq jinoiy ishlarni qo‘zg‘atgan. Yana 684 ta ish davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish, qurol-yarog‘, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq.