Rossiyaliklarning qanchasi Ukraina viloyatlarini anneksiya qilishni ma’qullaydi?
Olam
−
13 Oktabr 2022 13025 2 daqiqa
Rossiyaliklarning deyarli 80 foizi Ukrainaning Donbass mintaqasida o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan DXR (Donetsk viloyati), LXR (Lugansk viloyati), shuningdek, Xerson va Zaporoje viloyatlarining Rossiyaga “qo‘shilishi”ni qo‘llab-quvvatlaydi. “Ijtimoiy fikr” jamg‘armasi o‘tkazgan so‘rovnoma shunday natija ko‘rsatdi.
So‘rovnomada Rossiyaning 53 ta hududidan 1,5 ming kishi ishtirok etgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, 78 foiz odam anneksiyani qo‘llab-quvvatlagan, 7 foizi esa qarshi chiqqan.
Qolganlari javob berishga qiynalgan yoki faqat ba’zi hududlarni qo‘shib olishga rozi ekanliklarini bildirgan.
Qayd etilishicha, respondentlarning 37 foizi o‘zini o‘zi e’lon qilgan DXR va LXRdagi “referendumlar” o‘z vaqtida o‘tkazilga deb, 44 foizi esa avvalroq o‘tkazilishi kerak deb hisoblagan. 6 foizi “referendumlar” o‘tkazilmasligi kerakligini aytgan.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, rossiyaliklarning 78 foizi o‘zini o‘zi e’lon qilgan respublikalardagi “referendumlar” natijalari ushbu hududlar aholisining aksariyati fikrini aks ettiradi, deb hisoblagan.
Shu bilan birga, respondentlarning atigi 7-8 foizi “referendumlar” anneksiya qilingan hududlar aholisining aksariyati fikrini aks ettirmaydi, deb hisoblagan.
Avvalroq, xuddi shunday so‘rov Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan edi. So‘rovnomada respondentlarning 75 foizi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan DXR, LXR, shuningdek, Xerson va Zaporoje viloyatlarining anneksiya qilinishini ijobiy qabul qilishgan.
Shuningdek, rossiyaliklarning 77 foizi “referendumlar” jiddiy qonunbuzarliklarsiz o‘tgan deb hisoblagan bo‘lsa, 11 foizi buning aksi deb hisoblagan.
Eslatib o‘tamiz, 23-27 sentyabr kunlari Zaporoje viloyatining bosib olingan hududida, shuningdek, tan olinmagan DXR va LXR hamda bosib olingan Xerson viloyatida “Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha bir tomonlama referendumlar” o‘tkazildi. Zaporoje viloyatida protokollarning 100 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, qo‘shilish tarafdori 93,11 foiz, Xerson viloyatida – 87,05 foiz, DXRda – 99,23 foiz, LXRda – 98,42 foiz.
Referendum natijalarini xalqaro tashkilotlar, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, NATO kabi tuzilmalar tan olmadi va uni noqonuniy deb atadi.
30 sentyabr kuni esa Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.
Live
Barchasi