Rossiyalik jurnalistning Toshkentda vafot etishi bo‘yicha tekshiruv boshlandi
Olam
−
08 mart 2023
12472Rossiyalik 36 yashar jurnalist Aleksandr Nechayev vafot etganligi holati yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmokda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘lim sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Qayd etilishicha, ekspertiza natijalari haqida qo‘shimcha xabar beriladi.
Eslatib o‘tamiz, rossiyalik jurnalist, “Byulleten kinoprokatchika” jurnali bosh muharriri Aleksandr Nechayev Toshkentdagi kvartiralardan birida o‘lik holda topildi.
Nechayevning do‘sti va hamkasbi Denis Korsakov jurnalist bilan oxirgi marta 4 mart kuni yozishgan. Nechayev Toshkentda bo‘lib, bu yerga bir necha oy yashash uchun kelgan va aprel oyida Moskvaga qaytishni rejalashtirgan.
6 martdan boshlab Nechayev bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmagan. Uning do‘stlari toshkentlik tanishlaridan hammasi joyida yoki yo‘qligini tekshirishni so‘ragan. Ular uy egasi bilan ijaraga olingan kvartiraga kelganida jurnalist o‘lik holda topilgan. Unga nima bo‘lgani hozircha aniq emas. Bu yurak xuruji bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, Nechayev 1986 yil 12 mayda Saratov viloyatining Marks shahrida tug‘ilgan. 2008 yilda Moskvaga ko‘chib o‘tgan. Kino mavzusiga ixtisoslashgan jurnalist Metropolitan Media agentligi tarkibiga kiruvchi Rossiya kino bozori haqidagi “Byulleten kinoprokatchika” tahririyatini boshqargan.
LiveBarchasi