Rossiyalik general mashinasida portlatib yuborildi (video)

Olam

image

Bugun, 22 dekabr tongida Rossiya poytaxti Moskva shahridagi Yasenevaya ko‘chasida avtomobil portlab ketdi. Oqibatda mashina ichida qamalib qolgan general-leytenant Fanil Sarvarov halok bo‘ldi. Bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi ikki manbaga tayanib, RBK xabar berdi.

Nashrning yozishicha, tergov qo‘mitasi qotillik holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ish Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “ye” bandi (jamoat uchun xavfli usulda sodir etilgan qotillik) va 222.1-moddasi (portlovchi moddalarni noqonuniy muomalaga kiritish) bo‘yicha ochilgan. Birinchi modda bo‘yicha umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi, ikkinchisi bo‘yicha esa 20 yilgacha qamoq jazosi belgilanishi mumkin.

Tergov qo‘mitasi jinoyat Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Tergov jarayoni idoraning markaziy apparati nazoratiga olingan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, portlagan avtomobil (RBK manbasiga ko‘ra, bu Kia Sorento bo‘lgan) tagiga portlovchi qurilma o‘rnatilgan va u masofadan turib ishga tushirilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi RBKning ikki manbasiga ko‘ra, portlovchi qurilmaning quvvati trotil ekvivalentida taxminan 300 grammni tashkil etgan.

SHOT Telegram-kanali xabariga ko‘ra, 56 yoshli marhumda ko‘plab jarohatlar, yopiq sinishlar, oyoq jarohatlari va yuz suyagi sinishi aniqlangan.

Ma’lumot uchun, Sarvarov 2024 yil may holatiga ko‘ra Rossiya Qurolli kuchlari Operativ tayyorgarlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. O‘sha vaqtda Prezident farmoni bilan unga general-leytenant harbiy unvoni berilgan.

Sarvarov 1969 yil 11 martda Perm o‘lkasining Gremyachinsk shahrida tug‘ilgan. 1990 yilda Qozon oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtini tamomlagan. Keyinchalik marshal R.Ya. Malinovskiy nomidagi Bronetank qo‘shinlari harbiy akademiyasi va Qurolli kuchlar Bosh shtabi harbiy akademiyasini bitirgan. U barcha asosiy harbiy lavozimlardan o‘tgan. 1992-2003 yillarda Osetin–Ingush mojarosi va Chechenistondagi kontrterroristik operatsiyada ishtirok etgan. Keyinchalik Qurolli kuchlar Bosh shtabining Asosiy operativ boshqarmasi va Qurolli kuchlar Operativ tayyorgarlik boshqarmasida xizmat qilgan. 2015-2016 yillarda Suriyadagi operatsiyani tashkil etish va o‘tkazishda qatnashgan.

2016 yilda Qurolli kuchlar Operativ tayyorgarlik boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskvaning Ryazanskiy tumanidagi turarjoy binosiga kiraverishi yonidagi portlashda Rossiya Qurolli kuchlarining Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov va uning haydovchisi halok bo‘lgani xabar qilingandi. Keyinroq Ukraina Igor Kirillov va yordamchisining o‘ldirilishida bevosita aloqador ekani ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Moskva general-leytenant Fanil Sarvarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing