Rossiyalik general “katta”larni tanqid qilganidan keyin ishdan bo‘shatildi
Olam
−
13 iyul 2023
17010Rossiya Mudofaa vazirligi general-mayori Ivan Popov Ukraina urushidagi og‘ir vaziyat haqida gapirgani sababli vazifasidan ozod etilganini da’vo qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 58-umumqo‘shin armiyasi qo‘mondoni, general-mayor Ivan Popov o‘zining Telegram-kanaliga Davlat Dumasi deputati Andrey Gurulyovga tegishli ekani aytilgan ovozli xabarni joylashtirgan. Unda Ivan Popovning ishdan bo‘shatilgani e’lon qilinadi.
Mazkur ovozli xabarga nisbatan Rossiya Mudofaa vazirligi hech qanday izoh bermagan. Bundan tashqari, audioning haqiqiyligini telshirishning ham iloji bo‘lmayotgani aytilmoqda.
Duma deputati Gurulyov Rossiya Janubiy harbiy okrugi sobiq qo‘mondoni o‘rinbosari va o‘ta qat’iy pozitsiya tarafdori bo‘lgan siyosatchi hisoblanadi. U, shuningdek, Rossiya davlat telekanallarida muntazam ravishda ko‘rinish berib turadi.
Vazifasidan olingan generalning aytishicha, u rost gapni gapirgani uchun ishdan olingan.
"Yuqori rahbariyat bilan qiyin vaziyat yuzaga keldi. O‘shanda yo jim turish va qo‘rqoqlik qilish ... yoki oqni “oq” deyish kerak edi... Halok bo‘lgan barcha harbiy do‘stlarimiz nomidan yolg‘on gapirishga haqqim yo‘q edi, shuning uchun men armiyadagi bugungi kunda mavjud bo‘lgan barcha muammoli masalalarni aytib berdim", deydi u.
Popovning so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina tomoni artilleriya vositasida o‘qqa tutishi oqibatida rossiyalik askarlarning halok bo‘lgani, artilleriya snaryadlarini kuzatuvchi, ularning traektoriyasi va uni otgan qurolning joylashuvini aniqlovchi radar tizimlari hamda artilleriya razvedkasi uchun maxsus stansiyalar yo‘qligi masalalarini ko‘targan.
"Bu borada, aftidan, yuqori rahbariyat menda qandaydir xavf-xatarni his qildi va tezda, shu kunning o‘zida Mudofaa vazirining buyrug‘ini chiqartirib, mendan qutulishdi. Bizning armiyamiz Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarining old tomonidan yorib o‘tolmadi. Katta qo‘mondonimiz bizning ortimizdan pichoq urdi. Xiyonat va qabihlik eng og‘ir vaziyatda armiyaning boshini kesib tashladi", deya qo‘shimcha qilgan Popov.
LiveBarchasi