Urushga bormaydigan o‘zbekistonlik migrantlarga viza rejimini joriy qilish kerak – rossiyalik deputat
Olam
−
20 Oktabr
18638Rossiyadagi “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” (SRZP) partiyasi raisi Sergey Mironov O‘zbekistonning o‘z fuqarolarini Rossiyada urushga yollanmasligi haqidagi ogohlantirishiga qarshi chiqdi. Bu haqda u o‘zining X sahifasida yozib qoldirdi.
“O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulligi o‘zbekistonliklarni Rossiya armiyasi saflariga qo‘shilmaslikka chorladi. Nega boshqa imkoniyatlardan foydalanmaslikka chorlamadi? Shunda boshqa imtiyozlardan foydalanmaslik kerakmi? Sizni boqayotgan mamlakatni himoya qila olmaysizmi? Tushunarli, demak, viza rejimini joriy qilishimiz kerak. Viza rejimi bilan hammasi hal bo‘ladi! Bunday “fuqarolar” (migrantlar) bizga kerak emas”, deya yozgan Mironov.
Sergey Mironov 2023 yilda ham Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonni Ukrainadagi urushda qatnashgan o‘z fuqarolarini jinoiy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi qonunchiligi sabab tanqid qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Qozon shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasi fuqarolarni yana bir bor xorijiy davlatlar hududida jinoiy javobgarlik belgilangan harbiy harakatlarda ishtirok etishdan ogohlantirgandi. Bosh konsulxona bayonotida O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan shaxs xorijiy davlatning fuqaroligiga tegishli deb e’tirof etilmasligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni e’lon qilingan kundan boshlab O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bekor qilinishi qayd etilgan.
Shu munosabat bilan, konsullik Jinoyat kodeksining 154-moddasiga (Yollanish) ko‘ra, xorijiy davlat hududidagi qurolli to‘qnashuvlarda yoki harbiy harakatlarda qonunga xilof ravishda qatnashish jinoyat hisoblanishi, ushbu harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutishini eslatib o‘tgandi.
LiveBarchasi