Rossiyaga yana 10 ming Shimoliy Koreya harbiysi yuborilishi mumkin – Zelenskiy

Olam

−

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya hududida 8 mingdan ortiq Shimoliy Koreya harbiysi borligini va yana mamlakat 10 ming nafarni yuborishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini aytdi. Bu haqda Zelenskiy kecha, 28 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqdagi postida ma’lum qildi.

U Shimoliy Koreya harbiylarining Rossiyaga yuborilishi bo‘yicha “yangi ma’lumotlar” olinganini qayd etgan. Zelenskiyning aytishicha, ushbu harbiylar Rossiyaga yuborilishidan oldin tayyorgarlikdan o‘tish uchun saralanmoqda.

Zelenskiyning yangi bayonoti Kiyev va Seul o‘rtasida Shimoliy Koreyaning Ukrainada asirga olingan ikki harbiysi Janubiy Koreyaga topshirilgani haqidagi ma’lumotlar ortidan yangragan.

Seul Zelenskiyning ushbu ma’lumotni oshkor qilganidan afsus bildirgan. Janubiy Koreya tomoni harbiylarni topshirish masalasini maxfiy saqlash bo‘yicha kelishuv bo‘lganini ta’kidlagan. Shuningdek, Seul Ukraina Prezidenti devonining bunday maxfiylik kelishuvi bo‘lmagani haqidagi bayonotini yolg‘on deb atagan.

Ukraina va Janubiy Koreya hisob-kitoblariga ko‘ra, Shimoliy Koreya 2024 yildan beri Rossiyaning Ukrainadagi urushida qo‘llab-quvvatlash uchun taxminan 14–15 ming nafar harbiyini yuborgan. Ularning aksariyati Ukraina armiyasining hujumini qaytarishda yordam berish uchun Kursk viloyatiga joylashtirilgan.

Shuningdek, Pxenyan Rossiyaga millionlab artilleriya va minomyot snaryadlari, ballistik raketalar, uzoq masofali artilleriya tizimlari hamda reaktiv zalpli o‘t ochish tizimlarini yetkazib bergan.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti joriy yilning avgust oyida Rossiyaga Rossiya tomonida jang qilish uchun 50 ming nafargacha Shimoliy Koreya harbiysi yuborilishi mumkinligini aytgan edi. Shuningdek, u Janubiy Koreyani Ukrainaga havo mudofaasi sohasida yordam berishga chaqirgan.

Janubiy Koreya iyul oyida Ukrainaga 100 million dollarlik yordam paketi ajratishini e’lon qilgan. Biroq bu yordam tarkibiga o‘limga olib keluvchi qurollar kiritilmagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing