Rossiyaga qatnovlar tiklandimi? Xorazmda “zagranpasport”ga katta navbat yuzaga keldi

Jamiyat

image

Joriy yilning 21 dekabr kuni Xorazm viloyatining Xazorasp va Xiva tumanlarida yashovchi aholining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga xorijga chiqish biometrik pasportini olish bo‘yicha murojaati keskin oshib ketib, uzun navbatlar yuzaga kelgan. Bu bo‘yicha O‘zbekiston IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi rasmiy bayonot berdi.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun murojaat qilayotgan aholining asosiy qismi Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat qilayotgan fuqarolar ekani aniqlangan. Mazkur fuqarolar 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston fuqarolari barcha MDHga a’zo davlatlarga, shu jumladan Rossiya Federatsiyasiga faqat xorijga chiqish biometrik pasporti bilan chiqishlari tartibi kuchga kirishi munosabati bilan ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga murojaat qilgan.

Ushbu hududlarda yashovchi aholi orasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgani to‘g‘risida yolg‘on xabarlar tarqalgan.

“Pandemiya munosabati bilan hozirgi kunda bir qator davlatlar, shu jumladan Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi bilan avia va temir yo‘l qatnovini qayta tiklashni rejalashtirayotgani bo‘yicha Ichki ishlar vazirligiga rasmiy ma’lumot kelib tushmagan”, deyiladi xabarda.

Hozirgi vaqtda Xazorasp va Xiva tumanlari ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga xorijga chiqish biometrik pasportini olish bo‘yicha navbatda turgan fuqarolarga tushuntirish ishlari olib borilgan, ularga navbat talonlari tarqatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 8 ta davlat bilan xalqaro aviareyslarni to‘xtatishi haqida xabar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

246

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing