Rossiyadan “UzAuto Motors” zavodiga olib kelinayotgan xomashyolar o‘g‘irlab ketildi

Jamiyat

image

Noma’lum shaxslar tomonidan 2000 dan ortiq Nexia avtomobilining kuzov qismlarini ishlab chiqarilishiga yetadigan po‘lat listlar o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda kompaniya Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 12 iyun kuni “UzAuto Motors”ning Asaka shahridagi zavodiga yetkazilgan yukda po‘lat listlarning bir qismi yetishmayotgani aniqlangan. Rossiya Federatsiyasi “Severstali” kompaniyasining yuk vagonlari zavodga kirish paytida ko‘rikdan o‘tkazilganida, vagondagi yuklardan birining qadog‘i buzilgani ma’lum bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan “UzAuto Motors” AJning komplayens xizmati tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra, vagonga ortilgan po‘lat listlarning bir qismi kompaniyaga yetib kelgunga qadar noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlangani tasdiqlangan.

Ishlab chiqarish standartlariga ko‘ra, ushbu talon-toroj qilingan po‘lat listlar me’yor sarfiga muvofiq, 2030 ta Nexia-3, 871 ta Gentra yoki 970 ta Labo avtomashinalari kuzov qismlarini ishlab chiqarish uchun ishlatishga yetarli bo‘lgan.

Ushbu hodisa yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida to‘plangan barcha materiallar aybdor shaxslarni aniqlash hamda yuklar tashilishida ularning xavfsizligi va samarali qo‘riqlanishiga mas’ul bo‘lgan IIVning transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmalari xodimlarining xizmat vazifalarini qonuniy bajarganiga huquqiy baho berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasiga yuborilgani ma’lum qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

“UzAuto Motors”

Baholaganlar

849

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing