Rossiyadan ko‘proq o‘q-dori ishlab chiqara boshladik – NATO Bosh kotibi
Olam
−
06 noyabr 2025 2204 3 daqiqa
Yaqingacha Rossiya NATOga a’zo barcha davlatlarning jamiga nisbatan ko‘proq o‘q-dori ishlab chiqarar edi. Ammo so‘nggi chora-tadbirlar tufayli bu tendensiya o‘zgardi. Bu haqda NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Buxarestda bo‘lib o‘tgan NATO va sanoat forumi ochilish marosimida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, mazkur forum mudofaa sanoati va NATO o‘rtasidagi hamkorlik sohasidagi eng yirik tadbirlardan biridir. Ryutte Gaagada iyun oyida bo‘lib o‘tgan sammitda qabul qilingan mudofaa xarajatlarini va ishlab chiqarish hajmlarini oshirishga oid qarorlar amalda faol joriy etilayotganini bildirdi.
“Hozirda moliyaviy mablag‘lar ko‘paydi va ularning oqimi yanada o‘sadi”, dedi u.
Shu bilan birga, Ryutte salohiyatni yanada rivojlantirish zarurligini qayd etdi:
“Bizga zamonaviy jihozlar, haqiqiy o‘q kuchiga ega qurollar va albatta, ilg‘or texnologiyalar kerak. Chunki biz duch kelayotgan tahdidlar haqiqiy va doimiydir. Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi asossiz boshlangan urush bu tahdidning eng yaqqol namunasi. Ammo Rossiyadan kelayotgan xavf bu mojaro tugagach ham yo‘qolmaydi. U Yevropa va butun dunyoda beqarorlik manbai bo‘lib qoladi”, dedi NATO rahbari.
Ryuttening fikricha, Rossiya bu harakatlarida yolg‘iz emas:
“U Xitoy, Shimoliy Koreya, Eron va boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilmoqda. Ular mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlikni misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarishmoqda va uzoq muddatli to‘qnashuvga tayyorlanmoqdalar”.
Uning ta’kidlashicha, NATOda ishlab chiqarish hajmini oshirish va yetkazib berish muddatlarini qisqartirish bo‘yicha jiddiy burilish amalga oshmoqda:
“Yaqingacha Rossiya barcha NATO ittifoqchilariga nisbatan ko‘proq o‘q-dori ishlab chiqarar edi, ammo endi bu bunday emas. Butun Alyans bo‘ylab o‘nlab yangi ishlab chiqarish liniyalari ochilmoqda, mavjud quvvatlar kengaymoqda. Biz oxirgi o‘n yilliklardagiga nisbatan ancha ko‘proq ish qilyapmiz”, dedi Ryutte.
U forumda yig‘ilgan mudofaa sanoati vakillariga murojaat qilib, yangi g‘oyalar yaratishga va NATOni sinov maydoni sifatida foydalanishga chaqirdi:
“Bu yerda yirik tajribali kompaniyalardan tortib, kichik innovatsion startaplargacha bo‘lgan ijodiy onglar bor. Bizga siz taklif eta oladigan barcha narsa kerak, chunki erkin jamiyatlarda sizlarning ijodkorligingiz rivojlanishi mumkin”, dedi u.
Ryutte, shuningdek, NATOning Yevropa Ittifoqi, Ukraina, shuningdek Avstraliya, Yaponiya, Yangi Zelandiya va Janubiy Koreya kabi hamkorlar bilan sherikligining ahamiyatini ta’kidladi:
“Biz bir-birimizdan ko‘p narsani o‘rganishimiz mumkin. Sa’y-harakatlarni birlashtirsak, ishlab chiqarishni oshirish va innovatsiyalarni rag‘batlantirish imkoni tug‘iladi. Bu barcha taraflar uchun foydali. Xavfli zamonlar jasur qarorlarni talab qiladi, bu esa muayyan siyosiy va iqtisodiy tavakkalchilikni anglatadi. Ammo ishonch bilan ayta olaman: mudofaaga kattaroq sarmoya kiritish uchun siyosiy iroda mavjud”, deya qo‘shimcha qildi NATO Bosh kotibi.
Live
Barchasi